|
Biz haqimizda
O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi “Jahon” axborot agentligi
O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi “Jahon” axborot agentligi 1995 yil noyabrida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy islohotlarning borishi, jamiyatning demokratik yangilanishi jarayoni to`g`risida xolis axborot tarqatish, milliy va xalqaro axborot agentliklari bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, respublikamizning jahon axborot makoniga integrasiyalashuvini tezlashtirish maqsadida tashkil etilgan.
Agentlikning asosiy vazifalari, jumladan, quyidagilardan iborat:
* Mahalliy va xorijiy jamoatchilikni O`zbekistonning siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy hayotidagi o`zgarishlar haqida tezkorlik bilan xabardor qilib turish maqsadida mahalliy axborot agentliklari va xorijiy axborot mahkamalari bilan hamkorlik aloqalarini yo`lga qo`yish;
* O`zbekistonning keng xalqaro hamkorlik yuzasidan mavjud bo`lgan ulkan imkoniyatlarini ochib beruvchi turli axborot byulletenlari, ma`lumotnomalar, katalog, bukletlar va boshqa matbaa mahsulotlarni nashr etish, foto va audiovizual materiallar tayyorlash va ularni tarqatish;
* Xorijiy mamlakatlarning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy hayoti, globallashuv jarayoni doirasidagi xalqaro muammolar, terrorchilik, ekstremizm, diniy aqidaparastlikka qarshi kurash, mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta`minlash mavzulariga bag`ishlangan axborotlarni to`plash va tarqatish.
Agentlik mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi diplomatiya missiyalari huzurida o`zining muxbirlik punktlariga ega bo`lgan yagona ommaviy axborot vositasi hisoblanadi. “Jahon” AA muxbirlari ayni paytda Belgiya, Misr, Hindiston, Rossiya, Amerika Qo`shma Shtatlari, Fransiya, Turkiya hamda Yaponiyada faoliyat ko`rsatmoqda.
Agentlik eng yirik mahalliy va xalqaro axborot agentliklari, shuningdek, respublikamizning yetakchi gazetalari, O`zbekiston teleradiokompaniyasi bilan hamkorlik aloqalarini o`rnatgan.
Ko`rsatib o`tilgan vazifalarni ado etish maqsadida “Jahon” axborot agentligi O`zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq:
* Axborotlarni yig`adi, qayta ishlaydi va tahlil qiladi, barcha turdagi axborot mahsulotlarini mamlakat ichida va xorijda tayyorlaydi hamda tarqatadi;
* Mahalliy va xorijiy axborot mahkamalari bilan axborot ayirboshlash haqida yoki tijorat asosida axborot berish (olish) to`g`risidagi bitimlarni imzolaydi;
* Shartnomaviy asosda xorijiy va mahalliy matbaa nashrilarga, radio, televidenie, axborot agentliklari va boshqa OAV, hukumat va nohukumat muassasalari, jamoat tashkilotlariga axborot taqdim etadi;
* Axborot va boshqa materiallar, mahsulot hamda xizmatlarni shartnomaviy asosda belgilangan narx va tariflar asosida sotadi.
|