Fudan universitetida O’zbekiston taqdimoti
07.02.2012 10:00
Yaqinda Shanxay
ekspertlar hamjamiyati orasida katta e'tiborga sazovor bo’lgan Fudan
universitetida O’zbekiston taqdimoti bo’lib o’tdi. O’zbekiston
Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi o’rtasida diplomatiya
munosabatlari o’rnatilganining 20 yilligi munosabati bilan o’tkazilgan
mazkur tadbir mamlakatimizning Shanxaydagi Bosh konsulligi tomonidan
tashkil etildi.
Taqdimotda Xitoy va O’zbekiston o’rtasidagi do’stona aloqalar qadim
o’tmishga borib taqalishi, dunyodagi xalqaro va mintaqaviy vaziyatlar
qay darajada o’zgarmasin, Xitoy - O’zbekiston aloqalari hamisha
o’suvchan va barqaror ahamiyat kasb etgani hamda bunday omillar o’z
navbatida, kattadan-katta muvaffaqiyatlarga erishish imkonini berib
kelayotgani bir necha bor ta'kidlandi. Siyosiy sohadagi mamlakatlarimiz
o’rtasidagi ishonch, iqtisodiyotdagi o’zaro manfaatli hamkorlik va
xavfsizlik sohasidagi yaqin munosabatlar, shuningdek, ikki tomonlama
manfaatli bo’lgan masalalar yuzasidan bir-birini qo’llab-quvvatlashlar
bu fikrni yaqqol tasdiqlaydi. Tadbirda so’zga chiqqanlar
ta'kidlashganidek, hozirgi paytda tomonlar BMT, ShHT va boshqa ko’p
tomonlama tuzilmalar doirasida nafaqat mintaqa, balki butun dunyoning
tinchligi hamda barqarorligiga salmoqli hissa qo’shib kelayotgani holda
yaqin hamkorlikni tobora rivojlantirmoqda.
Fudan universiteti huzuridagi Rossiya va O’rta Osiyo tadqiqotlari
markazining direktori Chjao Xuashen o’z so’zida O’zbekiston ko’p
asrlarga borib taqaladigan tarixga ega ekanligini qayd etdi. U mamlakat
rahbariyatining tarixiy meros, xalqning moddiy va ma'naviy qadriyatlari,
islom madaniyati obidalarini saqlash va boyitish yuzasidan amalga
oshirayotgan chora-tabdirlariga e'tibor qaratdi. Markaz direktori
zamonaviy O’zbekiston hududida dunyo sivilizatsiyasi taraqqiyotiga
bebaho hissa qo’shgan ko’plab buyuk olim va mutafakkirlar, davlat va din
arboblari yashab ijod qilganini alohida ta'kidladi.
Chjao Xuashen hozirgi bosqichda o’zbek xalqi mustaqillikka
erishilganidan keyingi murakkab davrda siyosiy va iqtisodiy
boshboshdoqlikka yo’l qo’ymasdan O’zbekistonni barqaror ravishda
rivojlanayotgan davlatlar qatoriga olib chiqqan Prezident Islom Karimov
rahbarligi bilan faxrlanishi lozimligini aytdi.
Aynan siyosatning iqtisodiyot ustidan hukmronligiga yo’l qo’ymaslik,
islohotlarning falaj qilib davolash usulini rad etish, aholi ijtimoiy
jihatdan kuchli himoya qilinishi dolzarbligining ustuvor hisoblanishi
bo’yicha asosli harakatlar bugungi O’zbekiston muvaffaqqiyatlarining
garovi bo’ldi. Olimning so’zlariga ko’ra, O’zbekiston jahon ommaviy
axborot vositalarida ko’pincha Shanxay Hamkorlik Tashkiloti Davlat
rahbarlarining kengashi, Osiyo Taraqqiyot banki sammiti singari yirik
xalqaro tadbirlar muvaffaqqiyatli o’tkaziladigan nufuzli mamlakat
sifatida e'tirof etilmoqda.
Xitoy uchun O’zbekiston hamisha ishonch bilan suyanish mumkin bo’lgan
yaqin qo’shni diyordir, zero u o’zining burch va majburiyatlariga sodiq
ekanligini ko’p marotaba isbotlagan mamlakat hisoblanadi.
Xitoylik ekspertning fikricha, Pekin va Toshkent o’rtasida muammolar va
bahsli masalalarning yo’qligi, muhim manfaatlarni o’zaro hisobga olish
hamda xalqaro va mintaqaviy maydonda bir-birini qo’llab-quvvatlash,
tarixiy mushtaraklik, rasmiy doiralarning o’zaro foydali sheriklikni
rivojlantirish yuzasidan ikki tomonlama intilishning mavjudligi kabi
qator muhim omillar hisobga olinadigan bo’lsa, har ikki mamlakat ko’p
qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish bo’yicha ulkan istiqbolga ega
ekanligiga shubha yo’q.
Olimning fikr bildirishicha, respublikani modernizatsiyalash bo’yicha
kelgusi harakatlarda ham iqtisodiyotga e'tibor qaratish davom
ettirilishi maqsadga muvofiq, zero global inqiroz sharoitida aynan
iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish taraqqiyotning
harakatlantiruvchi kuchi, xorijiy davlatlar, jumladan, Xitoy bilan
hamkorlikni kengaytirishning omili sifatida xizmat qiladi.
“Jahon” AA
Shanxay