«New Straits Times» gazetasi tarixiy va zamonaviy O’zbekiston haqida
07.02.2012 10:01
Malayziyada
ingliz tilida chop etiladigan «New Straits Times» gazetasi sahifasida
O’zbekistonning sayyohlik salohiyati haqida hikoya qiluvchi “O’zbekiston
mahobati” («Splendours of Uzbekistan») sarlavhali maqola bosilib
chiqdi. Rang-barang suratlar bilan bezatilgan ushbu maqola malayziyalik
jurnalist Zalina Moxd Som qalamiga mansub bo’lib, unda muallifning
“Mega-info-tur” dasturi doirasida O’zbekiston bo’ylab ijodiy safari
chog’ida orttirgan taassurotlari qalamga olingan.
Zalina Moxd Som o’z xotiralarini gazetxonlar bilan o’rtoqlashar ekan,
“Samarqand, Buxoro, Xiva va O’zbekistonning boshqa shaharlariga sayohat
- o’tmish bilan, qadimgi Sharq bilan, boy tarixiy meros haqida aniq
tasavvur beradigan mahobatli obidalar, ajoyib me'moriy ansambllar bilan
uchrashuvdir”, deya ta'kidlaydi.
Shunisi e'tiborga molikki, mazkur maqolada O’zbekiston shaharlarining
go’zallikda betakror va ko’rkamligi o’zining aniq-ravshan ifodasini
topgani barobarida mamlakatimizning boy madaniy, ilmiy va diniy merosi
haqida ham atroflicha fikr yuritilgan.
Xususan, muallif Samarqand haqidagi mulohazalarini bayon etar ekan,
moviy gumbazlari shaharning o’ziga xos tashrif qog’ozi bo’lib qolgan
hamda mashhur sarkarda va davlat arbobi Amir Temur saltanati davriga oid
qator me'moriy ansambllar ushbu ajoyib qadimiy shaharning qoq markazida
qaror topganini alohida qayd etadi.
Zalina M.Som Samarqandda san'at, adabiyot, me'morchilik va ilm-fan
taraqqiyoti tarixiga e'tibor qaratgani holda nashr o’quvchilariga
jahonga mashhur Registon maydonini borib ko’rishni tavsiya qiladi.
“Zero, uni o’z ko’zingiz bilan ko’rmay turib, Samarqandning butun
mahobati va ulug’vorligini tasavvur qilishingiz mumkin emas”, deb yozadi
u.
Muallif Samarqand shahrida Ulug’bek rasadxonasi, butun dunyoga dong’i
ketgan Shohi Zinda majmui, Bibixonim masjidi kabi ko’plab tarixiy
obidalar mavjudligi va ularning barchasi go’zallikda betakrorligi bois
qaysi birini “eng ajoyib yodgorlik”, deyishga qiynalib qolish turgan gap
ekanligini ham gazetxonlarga ma'lum qiladi.
Zalina M.Som ko’hna va sharif shahar Buxoro haqidagi taassurotlarini
qalamga olar ekan, “bu shahar kutilmagan sovg’alarga to’la ekanligi”ni
qayd etadi. “Buxoro, eng avvvalo, o’ziga xos hamda betakror
qizg’ish-jigar, moviy va yashil ranglar jilosida, shuningdek, eski
shahar qismida qaror topgan g’ishtin binolarning go’zal jimjimador
naqshlarida namoyon bo’ladi”, deb yozadi u.
Uning fikricha, shahar bo’ylab sayr, ayniqsa, Somoniylar maqbarasi
ziyorati, Labi hovuz va bu betimsol maskan atrofida joylashgan tarixiy
osori-atiqalar bilan tanishuv kishiga katta zavq-shavq baxsh etadi.
Muallif O’zbekistonning bosh kenti - azim Toshkent shahri haqidagi
fikr-mulohazalarini «New Straits Times» gazetasi o’quvchilari bilan
o’rtoqlashar ekan, mazkur “megapolisda o’tmish va zamonaviylik juda
uyg’unlashib ketganini” alohida qayd etadi. Uning ta'kidlashicha,
Toshkent qator tarixiy obidalardan tashqari, ko’plab chiroyli va
zamonaviy inshootlar, bino va keng ko’chalarga, go’zal va shinam bog’u
xiyobonlarga, hashamatli restoran va turli milliy yemakxonalarga ham
boydir. “O’zbekiston mustaqillikka erishgandan so’ng o’tgan davr
mobaynida qay darajadagi ijobiy o’zgarishlarni kasb etganini Toshkent
misolida ham ko’rish mumkin”, deb yozadi u.
Zalina M.Somning qayd etishicha, mustaqillikka erishgandan buyon
O’zbekiston hukumati xalqning o’tmishi, madaniyati, urf-odat va
an'analari qayta tiklanishiga, shuningdek, mamlakat bag’rida joylashgan
tarixiy obidalar va muqaddas qadamjolarni tiklash va ta'mirlashga,
respublikada yashaydigan 130 dan ortiq millat va elat vakillarining
o’zaro tinchlik va hamjihatlikda istiqomat qilishlariga alohida e'tibor
berib keladi. Muallif e'tirof etganidek, “O’zbekistonda tarixiy
shaharlarni obod qilish, sayyohlik infratuzilmasini zamon talablari
darajasida rivojlantirish, sayohatchilar uchun barcha qulay
shart-sharoitlarni yaratish davlatning ustuvor vazifalari sirasiga
kiradi”.
Yuqoridagilardan tashqari, o’zbek xalqining o’ziga xos madaniyati va
an'analari haqida gazetxonlarga ma'lumot yetkazish ham muallifning
e'tiboridan chetda qolmagan. Xalqimizning mehmondo’st, samimiy va ochiq
ko’ngilligini alohida qayd etar ekan, “bu xalqning yuksak madaniyati
insonlarning o’zaro munosabatlarida, yoshi kattalar va ayollarga
nisbatan ko’rsatiladigan hurmatda namoyon bo’ladi”, deya o’z fikrini
yakunlaydi malayziyalik jurnalist.
“Jahon” AA
Kuala-Lumpur