“Jahon” AA, Shanxay - Yaqinda Shanxayda tashkil etilgan shu nomdagi suratlar ko’rgazmasi O’zbekiston va Xitoy o’rtasida diplomatiya munosabatlari o’rnatilganining 20 yilligiga bag’ishlandi.
O’zbekistonning diplomatiya missiyasi va Shanxay xalq hukumatinining ko’magida Shanxay xorijiy mamlakatlar bilan do’stlik uyushmasi, O’zbekiston xorijiy mamlakatlar bilan do’stlik va madaniy-ma'rifiy aloqalar jamiyatlari kengashi hamda “O’zbekiston - Xitoy” do’stlik jamiyati tomonidan tashkil etilgan tadbirning tantanali ochilish marosimida Xitoyda akkreditatsiyadan o’tgan diplomatiya korpusi, ijtimoiy-siyosiy va ekspert-tahlil doiralari hamda ommaviy axborot vositalarining vakillari hozir bo’ldilar.
Ko’rgazmada taniqli o’zbekistonlik suratkashlarning suratlari, qo’li gul o’zbek ustalari tomonidan yaratilgan xalq-amaliy san'ati buyumlari taqdim etildi. O’zbekistonning me'moriy obidalari va tarixiy shaharlari aks etgan fotosuratlar bilan tanishgan tadbir mehmonlari xalqimiz madaniyatinnig betakrorligi va rang-barangligiga o’z ko’zlari bilan guvoh bo’ldilar.
Suratlar ko’rgazmasi doirasida Shanxay xorijiy mamlakatlar bilan do’stlik uyushmasi bilan O’zbekiston xorijiy mamlakatlar bilan do’stlik va madaniy-ma'rifiy aloqalar jamiyatlari kengashi o’rtasida Yaqin kelajakdagi hamkorlik to’g’risida bitim imzolandiki, u O’zbekiston va Xitoy o’rtasidagi ko’p qirralik hamkorlikni yanada chuqurlashtirish jarayoniga o’z hissasini qo’shadi.
Tabrik so’zi bilan chiqqan Shanxay xorijiy mamlakatlar bilan do’stlik uyushmasining ijrochi direktori Van Syaoshu bugungi tadbir O’zbekiston va Xitoy o’rtasidagi madaniy sheriklikni rivojlantirishga hissa qo’shishi, o’zbek xalqining boy madaniy va ma'naviy merosiga, shuningdek, Buyuk Ipak yo’li tufayli turli-tuman xalqlar madaniyatlari va an'analarining o’zaro uyg’unlashib ketishida muhim va bebaho o’rin tutgan O’zbekistondek mamlakatga nisbatan keng jamoatchilikning diqqat-e'tiborini jalb etishiga amin ekanligini ma'lum qildi.
“Darhaqiqat, O’zbekiston tarixan e'tirof etilgan yo’lning javohiri hisoblanadi, hozirgi vaqtda bu yo’lning qayta tiklanishidan ko’plab mamlakatlar manfaatdordir. Ko’rgazmada taqdim etilgan rang-barang va sermazmun suratlar tufayli shanxayliklar, qo’shni mintaqalar vakillari va ko’p sonli xorijlik mehmonlar Samarqand, Buxoro, Xiva va Toshkent singari Buyuk Ipak yo’lida qad ko’targan qadimiy shaharlar bilan yaqinroq tanishish imkoniyatiga egalar” dedi V.Syaoshu.
Shanxay Xalqaro tadqiqotlar akademiyasining Rossiya va O’rta Osiyo markazi direktori o’rinbosari Syan Syaoyun “kun sayin ikki mamlakat o’rtasidagi munosabatlar barcha sohalarda rivojlanib, kengayib bormoqda, buning yaqqol misoli sifatida siyosiy va davlat arboblari, iqtisodchilar, olimlar va jamoatchilik vakillari tashriflarining muntazam almashinuvini ko’rsatish mumkin” deya ta'kidladi.
Shu bilan birga, u mamlakatimizning qulay jug’rofiy joylashuvi, boy resurslar salohiyati va barqaror iqtisodiy taraqqiyoti O’zbekiston va Xitoy o’rtasidagi savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikning kengayib borishiga xizmat qilayotganini ham ta'kidladi.
Syan Syaoyun, shuningdek, madaniy-gumanitar hamkorlikning istiqbollarini yuqori baholadi. “Xitoy besh ming yillik tarix va boy madaniy resursga ega, o’z navbatida, zamonaviy O’zbekiston hududi turli-tuman tamaddunlar va madaniyatlarning muhim chorrahasi sifatida ma'lum va mashhurdir. Asrlardan buyon turli millat va diniy e'tiqotlar vakillari tinchlik va hamjihatlikdan yashab kelayotgan O’zbekiston Islom dini, Sharq madaniyati va falsafasining rivojlanishiga bebaho hissa qo’shgan davlat sanaladi. Bularning barchasi O’zbekiston va Xitoy o’rtasida madaniy almashinuvlarni mustahkamlash uchun yaxshi zamin yaratayotir”, - dedi u.
Shanxaydagi “Katyusha” axborot-konsalting kompaniyasining vakili Shen Yan ta'kidlaganidek, shanxayliklarning suratlar ko’rgazmasiga nisbatan bunday yuqori qiziqishi O’zbekistonning tarixiy shaharlariga istiqbolli yo’nalishlarni ishlab chiqish zarurligini yaqqol ko’rsatdi.
“Shu bilan birga, ajib va go’zal tabiat manzaralari, ochiq ko’ngil o’zbekistonliklarning chehrasida muhrlangan shodmonlik O’zbekistonda hukm surayotgan farovonlik, tinchlik va barqarorlikdan dalolat beradi. Bunday omillar sayyohlik yo’nalishini xarid qilishda eng avvalo borayotgan joyining xavfsizligi haqida qiziqadinaye xitoyliklarni o’ziga jalb qilayotir”, dedi u.
“Shaharlarning go’zalligi, betakror me'moriy majmualarning yaxshi saqlanib qolganligi tufayli O’zbekiston qadimiy va zamonaviy Buyuk Ipak yo’lining haqiqiy javohiri bo’lib qolmoqda”, deya o’z fikrini yakunladi Shen Yan.