«Jahon» AA, Parij - “O’zbekturizm” Milliy kompaniyasi tomonidan mamlakatimizning Fransiyadagi elchixonasi, «Horizons Nomades» va «C.A.T.I.A.- Central Asia Tours Incoming Agency» sayyohlik kompaniyalari ko’magida tashkil etilgan «Mega-info-tur» dasturi doirasida bir guruh fransiyalik jurnalistlar yaqinda yurtimiz bo’ylab ijodiy safarda bo’ldilar. Ular Fransiyaga qaytganlaridan so’ng mamlakatda chop etiladigan nashrlarda O’zbekiston Respublikasida sayyohlikning taraqqiyoti, mamlakatimizdagi tarixiy me'moriy obidalar, o’zbek xalqining an'analari hamda zamonaviy hayoti mavzulariga bag’ishlangan qator maqolalarini e'lon qildilar.
Jumladan, «Dernieres Nouvelles Alsace» gazetasi muxbiri Klod Keyflin qalamiga mansub “O’zbekiston. Ipak va paxta” sarlavhali maqolada muallif O’zbekistonga otlanayotgan sayyohni Buyuk Ipak yo’lida joylashgan afsonaviy shaharlar bo’ylab maroqli sayohat kutayotgani haqidagi o’z fikr-mulohazalarini gazetxonlar bilan atroflicha o’rtoqlashadi. U noyob tarixiy yodgorliklar hamda o’zbek xalqining o’ziga xos va boy madaniyati bilan tanishuv kishini behad hayratga solishini alohida ta'kidlaydi.
Maqolada “Samarqand so’zini eshitgan kishi shu zahoti orzular ummoniga g’arq bo’ladi va uning qalbida bu afsonaviy shaharni o’z ko’zi bilan ko’rish ishtiyoqi tug’ilishi” qayd etiladi. Muallifning yozishicha, zamondosh romannavis Amin Maalufning “Samarqand” nomli asarini o’qigan fransiyaliklar o’rtasida bu afsonaviy shaharni borib ko’rishni istaydigan kishilar juda ko’pdir.
“Har bir fransiyalik “Buyuk Ipak yo’li” haqida eshitganda, uning ko’zi o’ngida eng avvalo Bibi Xonim masjidi, Registon maydoni, Shohi Zinda majmui va boshqa mahobatli tarixiy yodgorliklari bilan ma'lum va mashhur bo’lgan ko’hna Samarqand shahri gavdalanadi”, deb yozadi «Dernieres Nouvelles Alsace» muxbiri.
Klod Keyflin Buxoro shahri ziyorati haqidagi taassurotlari haqida to’xtalar ekan, “O’zbekistonga safarimiz chog’ida Islom dunyosining eng mashhur shaharlaridan biri sanaladigan qadim Buxoroga bormasdan ortga qayta olmas edik”, deb yozadi. “Betakror shahar muhiti, fusunkor o’rta asr ko’chalari bo’ylab sayr, masjid va madrasalar kishida o’chmas taassurotlar qoldiradi”.
Shuningdek, muallif o’z maqolasida ochiq ko’ngil va samimiyat ufurib turadigan xalq bilan tanishuv uchun ham O’zbekistonga bormoq kerakligini alohida qayd etadi. “Ayniqsa yoshlar bu mamlakatni o’z ko’zlari bilan ko’rsalar foydadan xoli bo’lmas edi: bolalar ro’para kelgan har bir yoshi katta kishiga salom beradi, jo’shqin qiziquvchanlik va hayotga intilish tuyg’ulari ularning chehralarida ufurib turganini payqash aslo qiyin emas, ular shod, ochiqko’ngil va xayrixoh”.
Maqola so’nggida Klod Keyflin sayyohlarning O’zbekiston bo’ylab ushbu safarini uyushtirgan «Horizons Nomades» sayyohlik kompaniyasi hamda O’zbekiston va Fransiya o’rtasida to’g’ridan-to’g’ri havo qatnovini amalga oshirayotgan «O’zbekiston havo yo’llari» Milliy aviakompaniyasi to’g’risidagi atroflicha ma'lumotlarni «Dernieres Nouvelles Alsace» gazetasi o’quvchilari e'tiboriga havola etgan. Shuningdek, «Horizons Nomades» kompaniyasi tomonidan joriy yilning aprelida fransiyalik sayyohlarning mamlakatimiz bo’ylab navbatdagi sayohati uyushtirilishi ham gazetxonlarga ma'lum qilinadi.