“Jahon” AA, Parij - Yaqinda Fransiyaning Nansi shahrida xalq badiiy hunarmandchiligining an'anaviy 78-Xalqaro ko’rgazma-yarmarkasi bo’lib o’tdi. Fransiyaning eng yirik madaniy tadbirlaridan biri sanaladigan mazkur ko’rgazma-yarmarka mavzui bu gal “Buyuk Ipak yo’li”ga bag’ishlangani uning o’ziga xos jihati bo’ldi. Joriy yili ushbu xalqaro anjuman bois Nansi shahri dunyoning 40 dan ortiq mamlakatidan kelgan hunar ahlini, shu jumladan, O’zbekiston vakillarini ham o’z atrofiga to’pladi. Tashkilotchilar taqdim etgan ma'lumotda qayd etilishicha, ko’rgazmani 150 ming nafardan ortiq kishi kelib ko’rdi.
Mamlakatimiz mazkur yarmarka ishida ilk marotaba ishtirok etayotgan bo’lishiga qaramay, unda namoyish etilgan, qo’li gul o’zbek ustalari tomonidan yaratilgan xalq amaliy san'ati buyumlari tadbir qatnashchilari va faxriy mehmonlarining tahsiniga sazovor bo’ldi.
O’zbekiston bo’lmasiga kelgan tadbir ishtirokchilari va ko’p sonli mehmonlar yog’och hamda matodan tayyorlangan rang-barang xalq amaliy san'ati mahsulotlari, yurtimizning tarixiy shaharlari va ular bag’rida joylashgan me'moriy obidalar aks etgan suratlar bilan tanishganlari barobarida o’zbek xalqi madaniyatining naqadar betakror va rang-barangligiga guvoh bo’ldilar. Shu o’rinda do’ppi, to’n singari turli liboslar hamda rang-barang, serjilo so’zana va gilamlardan iborat qadim Shahrisabz mahsulotlari tadbir mehmonlarida alohida qiziqish uyg’otganini qayd etish joizdir.
O’zbekiston bo’lmasiga kelganlarning aksariyati yurtimizga borish, Samarqand va Buxorodagi me'moriy obidalarning jozibadorligini o’z ko’zlari bilan ko’rish, shuningdek, xalqimizning boy va o’ziga xos an'analaridan bahramand bo’lish istagini bildirishdi. O’z-o’zidan ayonki, bu ularda katta taassurot qodirganidan dalolat beradi.
“Jahon” axborot agentligining muxbiri bilan bo’lib o’tgan suhbat chog’ida Xalqaro yarmarka prezidenti E.Letyer mazkur madaniy tadbirning muvaffaqiyatli o’tkazilishiga alohida muhitni baxsh etgan o’zbek hunarmandlarining mahoratiga yuqori baho berdi. “Bugun men mamlakatingizda betakror asarlar yaratadigan va ular bizda doimo katta qiziqish uyg’otadigan hamda Yevropa bozorida raqobatbardosh bo’lgan ajoyib, qo’li gul hunarmandlar yashab, ijod qilayotganiga amin bo’ldim”, dedi u.
O’z navbatida, Xalqaro yarmarka direktori J.Loktin O’zbekistonning mintaqadagi madaniy va ma'naviy markaz sifatida tutgan o’rinini alohida qayd etdi. Ko’rgazmadan olgan taassurotlari bilan o’rtoqlashar ekan, u O’zbekiston bo’lmasi yarmarka mehmonlarida ulkan zavq-shavq uyg’otganini ta'kidladi.
“O’zbekiston vakillari yarmarkamizning doimiy qatnashchilariga aylanishiga chin dildan umid qilamiz, dedi u. Ishontirib aytishim mumkinki, o’zbek hunarmandlarining ishlari - mamlakatingiz xalq amaliy san'ati buyumlari bizda unutilmas taassurotlar qoldirdi. Shuning uchun ham Fransiyada o’zbek madaniyatini ommalashtirishga ko’maklashayotganimizdan mamnunmiz. Bugun biz O’zbekistonda madaniyat va ma'naviyatning muhim omili bo’lmish xalq ijodiyotiga, jumladan, hunarmandchilikni qo’llab-quvvatlash va rivojlantirishga katta e'tibor qaratilayotganiga komil ishonch hosil qildik”.
O’zbekistonning Nansi Xalqaro yarmarkasidagi ishtiroki mahalliy ommaviy axborot vositalarining e'tiboridan chetda qolmadi. Jumladan, Lotaringiya mintaqasida chop etiladigan yetakchi nashr - “L`Est Republicain” gazetasi sahifalarida O’zbekistonga bag’ishlangan maxsus maqola e'lon qilindi. Unda Shahrisabz shahridagi badiiy kashtado’zlik fabrikasining tashkil etilishi tarixi haqida hikoya qilinar ekan, gazetxonlar o’zbek hunarmandchiligining boy an'analari va merosi bilan atroflicha tanishtirilgan.