«Jahon» AA, Rim - Italiyada nashr etiladigan “MARIE CLAIRE Travel” sayyohlik jurnalining navbatdagi sonida O’zbekiston Respublikasiga bag’ishlangan bir necha maqola e'lon qilindi. Ulardan biri - “Sirlar va mahobat” sarlavhali maqola suratkash rassom Emanuele Kozmoning qalamiga mansubdir. U italiyalik o’quvchilarni O’zbekistonning ko’hna shaharlari - Samarqand va Buxoro bilan yaqindan tanishtiradi.
Muallif yuz yillar muqaddam kechgan karvonlar qatnovlariyu madaniy va savdo almashuvlariga guvoh bo’lgan ko’hna Samarqand, Buyuk Ipak yo’li va O’rta Osiyoning buyuk saltanati singari tarixiy haqiqatlar hyech kimni befarq qoldirmasligi, kishini fikran moziy sari yetaklashi haqida to’lqinlanib qalam surgan.
“Samarqand - zamin go’zalligining, Buxoro - ruhiyat go’zalligining ramzidirki, bu shaharlar o’zining mahobatli me'moriy yodgorliklari hamda moviy rangdagi minglab naqshinkor bezaklari bilan sayyohlarda sohibqiron Amir Temurning afsonaviy davri haqida atroflicha tasavvur uyg’otadi”, deb yozadi Emanuele Kozmo.
Buxoro to’g’risidagi taassurotlarini o’z o’quvchilari bilan o’rtoqlashar ekan, “Qizilqum sahrosi vohasidagi bu mo’'jizaviy shahar Markaziy Osiyo islom madaniyati yodgorliklariga juda boydir. Mamlakat bo’ylab sayohat qilar ekansiz, bugungi kunda ham O’zbekiston avlodlar ruhi va an'analarini saqlab qolganini anglash mumkin. Bu mamlakat boy tarixga, aqlni shoshiradigan darajadagi me'moriy ijodkorlik namunalari hamda o’ziga xos Sharq bozorlariga ega”, deb yozadi u.
Maqolada “bu tabarruk zaminga qadam qo’yishingiz bilanoq beixtiyor G’arbdan Eron, Sharqdan - Xitoy, Janubdan - Hindistondan keladigan yo’llarning chorrahasida joylashgan mazkur shaharlar dunyoning markazi bo’lgan, degan fikrga kelasiz”, deya ta'kidlaydi muallif. “Go’yo ortga, ko’hna tarixga, mahobatli koshonalar, karvon-saroylar davriga qaytgandek bo’lasan kishi. Samarqandga kiriboq Shohi Zindani - O’rta asr islom hayoti va madaniyatiga guvoh bo’lgan qadim maqbaralar, madrasa va masjidlardan iborat bo’lgan me'moriy majmuani kashf etasan”.
E.Kozmo chor atrofini o’rab turgan betakror tarixiy inshootlar, ularning shakli va rang-barangligidan ottirgan taassurotlari hamda his-hayajonlarini fotosuratlar vositasida ifodalashga ham harakat qilgan. “Moviy rangga g’arq bo’lgan bezaklar joylashuviga e'tibor qaratmaslik aslo mumkin emas, deb yozadi muallif. Naqshlar simmetriyasi, bezaklar, chiziqlar jozibakorligi meni hayratga soladi. Ularda xuddi zamonaviy me'morchilikdagi bo’lgani singari geometrik aniqlik-ravshanlikni ko’rasiz. Masjid va madrasalar peshtoqida hayvonlar, tovus, jannatmakon qushlar va quyosh tasvirlari aks ettirilgani ham kishida katta taassurot qoldiradi”.
Muallif nafaqat tarixiy me'moriy yodgorliklardan, balki mahalliy aholining turmush tarzi, ular bilan muloqotidan olgan taassurotlarini ham jurnal o’quvchilari e'tiboriga havola qiladi. U Sharq bozorlarining rang-barangligi va mo’l-ko’lligini alohida zavq bilan tasvirlaydi. “Rastalar qovun-tarvuz, mayiz, turshak va boshqa noz-ne'matlarga, har xil ta'm va shakldagi oziq-ovqat mahsulotlariga to’lib-toshgan. Sotuvchi va xaridorlar o’rtasidagi savdo-sotiq jarayoni ham o’ziga xos: taklif qilinayotgan mahsulotdan tatib ko’rish - urfga kirgan - bozorda taklif etilayotgan barcha mahsulotdan tatib ko’rishing va alal-oqibatda hyech narsa xarid qilmasliging ham mumkin”.
Muallif Buxoroda orttirgan taassurotlari bilan o’rtoqlashishda davom etar ekan, shahar bir zumda kishini o’ziga mahliyo qilib qo’yishini qayd etadi. “Buxoro nafaqat sayyohlarning sevimli maskani, balki tarixiy markaz hamdir. Shahar bag’ridagi yodgorliklar esa xuddi tirik mavjudotdek, ular odamlar bilan muloqotda bo’lib turgandek tuyuladi kishiga”, deb yozadi u.
Maqolani o’qir ekansiz, Labi hovuz maydoni, muhtasham Nodir Devonbegi madrasasi, Ko’kaldosh madrasasi, chor atrofi usti yopiq bozorlar bilan o’ralgan mahobatli minoralar ham muallifni benihoya hayratda qoldirgani payqash qiyin emas.