«Jahon» AA, Niderlandiya - Gollandiyaning Utrext shahrida Benilyuks mamlakatlari mintaqasida eng
nufuzli xalqaro sayyohlik anjumani hisoblanadigan «Vakantiebeurs 2012»
yarmarkasi bo’lib o’tdi.
Ushbu yirik sayyohlik yarmarkasi 85 ming kvadrat metr sahnni egalladi.
«Vakantiebeurs 2012» yarmarkasida dunyoning 150 mamlakatida faoliyat
ko’rsatadigan 2 mingdan ziyod sayyohlik kompaniyalari qatnashdi. Unda
ayniqsa, Yevropa Ittifoqi, Shimoliy va Janubiy Amerika mamlakatlari
kompaniyalari faol ishtirok etdilar.
Sayyohlik operatorlari tomonidan taklif qilinadigan sayohat
yo’nalishlari, mehmonxonalar va chiptalar buyurtmasi singari keng
qamrovli ma'lumotlar yarmarkaning rasmiy katalogidan joy oldi. Ulkan
ko’rgazma inshootining markaziga o’rnatilgan axborotlar peshtaxtasi
mazkur yarmarka ishida qatnashayotgan sayyohlik kompaniyalarining
reklama-axborot materiallariga juda boy bo’ldi.
«Vakantiebeurs 2012» yarmarkasida O’zbekiston bo’ylab o’ziga xos va
qiziqarli sayohat yo’nalishlari Gollandiya hamda Belgiyaning qator
taniqli sayyohlik kompaniyalari tomonidan taklif qilindi. Ular
o’zlarining chiroyli bezatilgan rang-barang reklama materiallarida
quyoshli o’lkamiz haqidagi, mamlakatimizning boy tarixiy-madaniy merosi
va me'moriy yodgorliklari to’g’risidagi ma'lumotlarni yevropalik
sayyohlar e'tiboriga havola etdilar.
Yevropa sayyohlik kompaniyalari rahbarlarining aytishlaricha, Buyuk Ipak
yo’li bo’ylab sayohat bugungi kunda Benilyuks mamlakatlari sayyohlari
o’rtasidagi eng ommabop yo’nalishlardan biri hisoblanadi.
Yarmarka ishi doirasida “Jahon” axborot agentligining muxbiri Yevropa
sayohlik kompaniyalarining ayrim vakillari bilan muloqotda bo’ldi.
Niderlandiyadagi “DJOSER” sayyohlik kompaniyasining direktori Xerman
Van Der Veldening ma'lum qilishicha, uning kompaniyasi O’zbekiston
bo’ylab sayohat yo’nalishlarini yevropaliklarga taklif qilib
kelayotganiga 10 yildan ziyod vaqt o’tdi. U qayd etganidek, keyingi
yillar davomida Yevropa sayyohlari orasida mamlakatimizga bo’lgan
qiziqish sezilarli darajada kuchaygan.
“Jahon sayyohlik markazlaridan biri bo’lishi uchun O’zbekistonda ulkan
imkoniyatlar mavjuddir”, dedi “DJOSER” sayyohlik kompaniyasining
rahbari.
Niderlandiyaning mashhur “Eurocult-Lito Reizen” kompaniyasi direktori
Paul Albers ham O’zbekistondagi Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent
singari ko’hna shaharlarning madaniy-tarixiy yodgorliklari, o’zbek
xalqining boy va o’ziga xos urf-odat hamda an'analari, jumladan,
ochiqko’ngilligi va mehmondo’stligi, shuningdek, totli milliy taomlari
butun dunyo sayyohlarini o’ziga ohanrabodek jalb etishini alohida
ta'kidladi. Uning ma'lum qilishicha, yarmarka ishining birinchi kuniyoq
kompaniyaga joriy yili O’zbekiston bo’ylab sayohatga chiqish istagi
bildirilgan ko’plab buyurtmalar kelib tushdi.