«Jahon» AA - Janubiy Koreyada nashr etiladigan «Business Korea» iqtisodiy jurnalining navbatdagi sonida O’zbekiston mustaqil taraqqiyot yillari davomida qo’lga kiritgan muvaffaqiyatlar hamda O’zbekiston va Koreya Respublikasi o’rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning hozirgi holati va istiqbollari mavzuiga bag’ishlangan salmoqli maqola bosilib chiqdi. Unda koreyalik va o’zbekistonlik taniqli siyosiy va biznes doiralari vakillarining fikr-mulohazalari o’z ifodasini topgan.
Jurnal mamlakatimizning iqtisodiy zafarlari bilan o’z o’quvchilarini atroflicha tanishtirar ekan, Prezident Islom Karimov tomonidan ishlab chiqilgan, besh asosiy tamoyilga asoslangan “taraqqiyotning o’zbek modeli”ga ijobiy baho beradi. Maqolada tanlab olingan yo’lning to’g’riligi sharofati bilan mamlakatda qisqa davr ichida makroiqtisodiy barqarorlikni, milliy iqtisodiyotning ichki va tashqi jabhalari muvozanatini, uning izchil o’sishini, don va energetika mustaqilligini ta'minlashga erishilgani hamda bir vaqtning o’zida milliy iqtisodiyotni isloh qilish va modernizatsiyalash bo’yicha strategik rejalar og’ishmay hayotga tadbiq etilgani alohida ta'kidlanadi.
“O’zbekistonda mustaqil rivojlanish yillari mobaynida zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan o’nlab yangi yirik korxonalar bunyod etildi. Asaka shahridagi avtomobil zavodi, Sho’rtan gaz-kimyo majmui, Qo’ng’irot soda zavodi, Dehqonobod kaliy o’g’itlari zavodi va boshqa ob'yektlar shular jumlasiga kiradi”, deb yozadi jurnal.
O’zbekiston va Koreya o’rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar mavzuiga murojaat qilar ekan, nashr hozirgi paytda ikki mamlakatning siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik aloqalari izchillik bilan rivojlanayotganini va oliy darajadagi muntazam tashriflar bunga jiddiy turtki berayotganini qayd etadi.
Xususan, ikki davlat rahbarlarining joriy yil avgustida bo’lib o’tgan so’nggi uchrashuvi yakunlari bo’yicha iqtisodiyot, sog’liqni saqlash, axborot texnologiyalari, to’qimachilik va boshqa sohalarda hamkorlik to’g’risidagi 20 dan ziyod bitim imzolandi. Ular orasida Orol dengizi yaqinidagi Surgil gaz havzasini o’zlashtirish hamda gaz va kimyo zavodi qurish bo’yicha qiymati 4.16 milliard AQSh dollariga teng loyiha ham mavjud. U mamlakatlarimiz o’rtasidagi hamkorlik tarixidagi eng katta qamrovdagi loyiha hisoblanadi. Ikki tomonlama hamkorlik davomida Koreya Respublikasining O’zbekistonga kiritgan sarmoyalarining umumiy hajmi 5 milliard AQSh dollaridan oshdi, deb yozadi nashr.
«Business Korea» “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy hududi doirasidagi loyihalarning birgalikda hayotga tadbiq etilishini O’zbekiston - Janubiy Koreya sarmoyaviy hamkorligining yorqin dalili sifatida qalamga olgan. Jumladan, jurnal Navoiy shahri aeroporti bazasida xalqaro tashishlarni amalga oshirayotgan «Korean Eyr» aviakompaniyasining faoliyatini yuqori baholaydi.
«Korean Eyr» kompaniyasi o’tgan davr ichida infratuzilmani rivojlantirish uchun barcha zarur ishlarni amalga oshirdi - barpo etilgan yuk terminali, angarlar, yoqilg’i saqlash binosi va boshqalar shular jumlasiga kiradi. Haftasiga Seul, Milan, Bryussel, Frankfurt, Bangkok, Mumbay, Istambul, Dubay singari shaharlarga amalga oshirilayotgan 24 qatnovga qo’shimcha ravishda bugungi kunda Xanoy, Riga, Shanxay va boshqa yo’nalishlar bo’ylab yuk tashishlarni boshlash ham rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy hududida "O’zbekneftegaz" Milliy xolding kompaniyasi Janubiy Koreyaning "Kogas" va "Kolon" kompaniyalari bilan avtomobil gaz ballonlarini ishlab chiqarish hamda O’zbekiston Respublikasida avtomobillarni gaz yoqilg’isi bilan to’ldirish kompressor stansiyalari (AGNKS) tarmoqlarini qurish yuzasidan birgalikda ish olib bormoqda, deb yozadi «Business Korea».