«Jahon» AA, Belgiya, Lyuven - Belgiyaning Lyuven shahridagi «Brabant Hall» ko’rgazmalar markazida har yili tashkil etiladigan an'anaviy «Hobo Reisen» sayyohlik yarmarkasi bo’lib o’tdi. Jahonning 40 dan ortiq mamlakati ishtirok etgan mazkur xalqaro tadbirga bir kunning o’zida BENILYUKS mamlakatlarining 10 ming nafardan ziyod aholisi va mehmonlari tashrif buyurishdi.
Mazkur yarmarka ishi doirasida mamlakatimizning Belgiyadagi diplomatiya missiyasi ko’magida O’zbekiston Respublikasi sayyohlik salohiyatining taqdimoti uyushtirildi. Yurtimizning go’zal tabiati, qadimiy va betakror shaharlarimiz bag’rida joylashgan noyob madaniy-tarixiy yodgorliklar to’g’risida atroflicha tasavvur uyg’otadigan rang-barang suratlar, shuningdek, o’zbek xalq amaliy san'ati mahsulotlari hamda mamlakatimizning boy sayyohlik salohiyati xususidagi turli axborot materiallari mazkur yarmarkaning maxsus bo’lmasida tashkil qilingan suratlar ko’rgazmasidan joy oldi.
Tadbir doirasida O’zbekiston xalqining tarixiy-madaniy merosi, me'moriy yodgorliklari, shuningdek, respublikamizning turli sohalarda, jumladan, sayyohlik industriyasini takomillashtirish borasida erishgan muvaffaqiyatlari to’g’risida hikoya qiluvchi hujjatli film ham namoyish etildi.
BENILYUKS mamlakatlari vakillari tomonidan 2012 yili O’zbekiston bo’ylab uyushtiriladigan sayohatlarda ishtirok etish istagi bildirilgan dastlabki buyurtmalar olinganini yurtimizning mazkur xalqaro tadbirdagi ishtirokining amaliy natijasi bo’ldi, deyish mumkin.
«Hobo Reisen» sayyohlik kompaniyasi rahbari Pol Rosk o’zining O’zbekiston xususdagi fikr-mulohazalarini o’rtoqlashar ekan, mamlakatimiz bo’ylab sayohat unda unutilmas tassurotlar qoldirganini yodga oldi.
- Men yurtingizga ilk marotaba 1971 yili borgan edim, - dedi u “Jahon” axborot agentligi muxbiri bilan bo’lib o’tgan suhbat chog’ida. - Keyingi safarlarim chog’ida O’zbekiston o’zining 20 yillik mustaqil taraqqiyoti mobaynida shu qadar o’zgarib ketganidan benihoya hayratlandim. Bugungi xalqaro yarmarkaning o’zi ham BENILYUKS mamlakatlari aholisi o’rtasida O’zbekistonga bo’lgan qiziqish naqadar katta ekanligini isbotlab turibdi.
«Hobo Reisen» kompaniyasi yetakchisining fikr bildirishicha, “bugungi kunda ko’plab yevropaliklar Buyuk Ipak yo’lida joylashgan O’zbekistonni - sohibqiron Amir Tumurga beshik bo’lgan yurtni, uning Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz singari ko’hna va navqiron shaharlarini yaxshi bilishadi. Negaki Shohi Zinda, Go’ri Amir, Registon singari qadamjolar Sharqning tom ma'nodagi qadamjolari sanalgani holda, ular butun dunyoni o’ziga maftun etgan”.
- Ushbu fursatdan foydalanganim holda shuni ta'kidlashni istar edimki, bugungi mustaqil O’zbekiston - juda ajoyib va go’zal mamlakat, - dedi u. - Yurtingizda tinchlik va farovonlik hukm surmoqda. Nafaqat betakror me'moriy yodgorliklarni, balki, ochiq ko’ngil va mehmondo’st o’zbek xalqini ham yaqindan o’z ko’zi bilan ko’rishni, bilishni ko’plab yevropaliklar istashiga aminman. Shuningdek, mamlakatingiz ajoyib iqlim sharoitiga ham egadir. Quyoshli o’lkangizda yetishtiriladigan shirin-shakar mevalar, o’ziga xos milliy taomlar ham xorijlik sayyohlarni o’ziga jalb etadi.
P.Roskning komil ishonch bilan aytishicha, O’zbekistonga bo’lgan qiziqish yevropaliklar o’rtasida bundan keyin ham kuchayib boraveradi. “Samaraqand - Sharqning Pariji, Buxoro - noyob ma'rifat markazi, Xiva esa ajoyib ertakmonand shahardir”, dedi u.