«Jahon» AA, Moskva - O’zbekistonda neft-gaz tarmog’i tez sur'atlar bilan rivojlanmoqda. Respublika tabiiy gaz qazib olish va uni trasportirovka qilish bo’yicha yetakchi bo’lgan mamlakatlarning sirasiga kiradi. Energetika mamlakat iqtisodiyotining o’ta muhim tarmoqlaridan biri bo’lib qolmoqda. Rossiyada siyosiy va ishbilarmon doiralar uchun nashr etiladigan «Nasha vlast: dela i litsa» nomli oylik jurnalning maxsus sonida e'lon qilingan maqolada shu haqda fikr yuritiladi.
“Buyuk Ipak yo’li an'analari davom etmoqda” sarlavhasi ostida chop etilgan mazkur maqola mustaqillikning birinchi kunlaridan buyon O’zbekiston Respublikasi rahbariyati uzoq muddatli asosdagi xorij sarmoyalarini jalb etish uchun eng qulay sharoit va kafolatlarni yaratishga alohida e'tibor qaratayotgani qayd qilingan. “Shu yillar davomida davlat ishonchli hamkor, boy mineral-xom-ashyo zaminiga, rivojlangan transport infratuzilmasiga ega bo’lgan, reja asosida xorijiy sarmoyadorlar uchun imtiyoz va qulayliklar tizimini takomillashtirayotgan sherik sifatida o’zini namoyon etdi”.
Nashr “tabiiy gaz, ko’mir, uran rudalari zahiralari, gidroenergiya va boshqalar mamlakatimizning asosiy energetika resurslari hisoblanishi” haqida to’xtalar ekan, 2011 yilning oktyabrida O’zbekiston Xalqaro gaz ittifoqiga kirgani va bundan ko’zlangan maqsad gaz industriyasining texnikaviy va iqtisodiy o’sishiga ko’maklashish bilan izohlanishini qayd etadi. “Respublika ushbu ittifoq a'zolaridan talab etiladigan barcha zarur mezonlarga javob berishi e'tirof etildi”, deb yozadi jurnal.
Shuningdek, maqolada O’zbekiston gazdan tashqari avtomobil, oltin, uran rudasi, mineral o’g’itlar, metal, to’qimachilik va oziq-ovqat mahsulotlari eksport qilishi ham qayd etiladi. “Rossiya O’zbekistonning yirik savdo sherigi bo’lib qolmoqda. Respublikaning 2011 yilning 9 oyi mobaynidagi tovar aylanmasida uning hissasi 24,3 foizni tashkil etdi. O’zbekiston bilan iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirishga nafaqat Rossiya, balki Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligining boshqa mamlakatlari ham katta qiziqish bildirmoqda”.
Mamlakatimizning iqtisodiy jihatdan o’sishi jarayonlarini tahlil qilar ekan, nashr Xalqaro valyuta jamg’armasining (XVJ) o’tgan yil noyabr oyidagi O’zbekistonga missiyasi yakunlariga oid bayonotiga tayangan holda, “keyingi besh yilda mamlakatda yalpi ichki mahsulot o’sishi sur'ati o’rtacha 8,5 foizni tashkil qilgani va bu O’rta Osiyo mamlakatlaridagi ko’rsatkichdan yuqori” ekanligini alohida ta'kidlaydi. “Xalqaro valyuta jamg’armasi eksperlari qayd etishganidek, O’zbekiston global moliyaviy inqirozni muvaffaqiyat bilan yengib o’tdi va mamlakatda iqtisodiyot barqaror o’sishi hamda ishlab chiqarish diversifikatsiyasi davom etmoqda”, deb yozadi jurnal.
Bulardan tashqari, maqolada 2011 yil dekabrida Jahon bankining Direktorlar guruhi kengashi O’zbekiston bilan sheriklikning yangi strategiyasini ma'qullagani ham qalamga olingan. Nashrning qayd etishicha, “bu strategiya O’zbekistonga Jahon banki guruhining 2012 - 2015 moliyaviy yillariga mo’ljallangan yordami dasturini shakllantiradi”.
Yuqoridagilar bilan birga, maqola o’z o’quvchilarini respublikamiz hukumatining o’zbek xalqining ko’p asrlik tarixini, uning madaniy va ma'naviy merosini qayta tiklash, mamlakatimizga chet ellik sayyohlarni jalb etish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish yuzasidan ko’rayotgan chora-tadbirlari bilan ham atroflicha tanishtiradi. “O’rta Osiyo mintaqasining yuragida joylashgan O’zbekiston qadim zamonlardan buyon Sharq va G’arb o’rtasida ko’prik vazifasini bajarib kelgani holda haqli ravishda “Buyuk Ipak yo’lining ganjinasi”, deb ataladi. 2011 yili O’zbekiston BMT Jahon Sayyohlik tashkilotining Ijroiya kengashi a'zoligiga saylandi. Mamlakat sayyohlik markazlari - Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabzdagi ko’plab tarixiy yodgorliklar YUNESKO Umumjahon merosi ro’yxatidan joy olgan”, deb yozadi Rossiya nashri.