Vatanimiz ulkan salohiyatining amaldagi ifodasi
25.01.2012 14:55
Prezidentimiz Islom Karimovning “2012 yil Vatanimiz taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘taradigan yil bo‘ladi” ma’ruzasini o‘qib…
Davlatimiz rahbarining 2011 yilning asosiy yakunlari va 2012 yilda
O‘zbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor
yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining majlisidagi
ma’ruzasida barcha soha va tarmoqlarda amalga oshirilayotgan keng
ko‘lamli islohotlar samaralari atroflicha tahlil etildi, kelgusi
vazifalar belgilab berildi.
Prezidentimiz qayd etganidek, o‘tgan yili mamlakatimizda yalpi ichki
mahsulotning o‘sish sur’ati, kutilganidek, amalda 8,3 foizni tashkil
etdi, 2000-2011 yillar mobaynida yalpi ichki mahsulot hajmi 2,1 barobar
oshdi. Mazkur ko‘rsatkich bo‘yicha O‘zbekiston dunyoning iqtisodiyoti
jadal rivojlanayotgan mamlakatlari qatoridan joy oldi.
– Mamlakatimizda yuqori iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlariga, avvalambor
samarali makroiqtisodiy siyosat, ishlab chiqarishni modernizatsiya
qilish va diversifikatsiyalash hisobiga milliy iqtisodiyotimizda chuqur
tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirish orqali erishilmoqda, – deydi
Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti direktori,
iqtisod fanlari doktori Avazbek Sodiqov. – Bu birinchi galda
Prezidentimiz tomonidan ishlab chiqilgan mamlakatimizda 2009-2012
yillarga mo‘ljallangan Inqirozga qarshi chora-tadbirlar dasturi hayotga
izchil tatbiq qilinayotganining samarasidir. Eng muhimi, O‘zbekistondagi
iqtisodiy o‘sish ayrim davlatlarda kuzatilayotganidek, dunyo
bozorlarida uglevodorod xomashyolari narxining ko‘tarilishi va ushbu
mahsulotlar eksportini oshirish hisobiga erishilayotgani yo‘q. Balki
yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlari asosan qo‘shimcha qiymatga ega
bo‘lgan raqobatdosh mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan
tarmoqlarning va zamonaviy xizmat ko‘rsatish sohalarining jadal
rivojlanishi hisobiga ta’minlanmoqda.
Darhaqiqat, bundan yigirma yil muqaddam asosan xomashyo yetishtirishga
ixtisoslashgan O‘zbekistonda yaqin yillarda avtomobil ishlab chiqarish
yo‘lga qo‘yiladi, degan gapga birov ishonmasdi. Nafaqat ishonmasdi,
balki shuni aytgan odamning ustidan kulishi ham turgan gap edi. Ammo
mamlakatimiz qisqa fursatda – mustaqillikka erishganimizga hali besh yil
to‘lmasdan bu haqiqatni ro‘yobga chiqardi. O‘zbekiston dunyodagi
avtomobil ishlab chiqaradigan 28 mamlakat safiga qo‘shildi.
Avtomobilsozlik – qisqa fursatda O‘zbekiston sanoatining yetakchi
tarmoqlaridan biriga aylandi. Iqtisodiyotimizning lokomotivlaridan
bo‘lgan mashinasozlik va avtomobilsozlik o‘tgan 2011 yilning o‘zida 12,2
foiz o‘sdi.
Yaqinda Yevropa biznesi avto ishlab chiqaruvchilar assotsiatsiyasi
qo‘mitasi tarqatgan xabarda ham bu natija o‘zining ifodasini topdi: GM
Uzbekistan qo‘shma korxonasi 2011 yilda Rossiya bozorida 92778 avtomobil
sotgan, bu 2010 yildagiga qaraganda 25 foiz ko‘pdir.
O‘tgan yil natijalariga ko‘ra, mamlakatimizda sanoat mahsuloti umumiy
o‘sishining qariyb 70 foizini yuqori qo‘shimcha qiymatga ega tayyor
mahsulot ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan sohalar egalladi. Bu bejiz
emas, albatta. Bir vaqtlar oddiy xo‘jalik buyumini ham boshqa
mamlakatlardan olib kelgan O‘zbekistonda har yili zamonaviy ilg‘or
texnologiyalar bilan jihozlangan yuzlab korxonalar ishga tushirilmoqda.
“O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” belgisiga ega oziq-ovqat,
kiyim-kechak, maishiy texnika vositalari va boshqa mahsulotlar nafaqat
ichki, balki tashqi bozorlarga keng miqyosda yetkazib berilmoqda.
Masalan, o‘tgan yili “Artel” brendi bilan ishlab chiqarila boshlangan
maishiy texnika vositalari o‘zining sifati va zamonaviyligi bilan
jahonga mashhur brendlar bilan raqobatlasha oladi. Janubiy Koreya,
Xitoy, Italiya va Turkiyaning maishiy texnika ishlab chiqarish borasida
ilg‘or kompaniyalari bilan hamkorlikda korxonada olti turdagi zamonaviy
gaz plitasi hamda uch xil ko‘rinishdagi konditsionerlar ishlab chiqarish
yo‘lga qo‘yildi. To‘liq mahalliy xomashyodan tayyorlanayotgan, yangi
dizayndagi mazkur maishiy texnika vositalari import o‘rnini bosish bilan
birga, yurtimiz eksport salohiyati yuksalishiga xizmat qilmoqda.
Ana shunday istiqbolli korxonalarni tashkil etishga keng yo‘l ochilgani,
zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarining ishga tushirilishi hisobidan
mamlakatimizda iste’mol tovarlari ishlab chiqarish hajmi 2011 yilda 11,2
foiz o‘sdi, 2000 yilga nisbatan esa bu ko‘rsatkich 4 barobardan ziyod
oshdi.
Birgina qurilish materiallari sanoatini olaylik. Istiqlol yillarida
yurtimizda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlariga hamohang
ravishda ushbu tarmoq ham jadal taraqqiy etayotir. Bugun shaharu
qishloqlarimizda qad rostlayotgan zamonaviy uy-joylar, maktab, kollej va
litseylar, shifo maskanlari, ko‘rkam bino va inshootlar asosan
yurtimizda ishlab chiqarilayotgan qurilish materiallari asosida bunyod
bo‘layotir.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozir mamlakatimizda qurilish materiallari ishlab
chiqaradigan ikki yuzdan ortiq korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Eng
muhimi, yurtimiz qurilish sohasiga bugun barcha turdagi zamonaviy
ashyolar kirib keldi. Sement, ohak, gips hamda devorbop, tom yopish
uchun materiallar, pardozlash, nam va issiqlik o‘tkazmaydigan ashyolar
xorijniki bilan bemalol raqobatlasha oladi.
“O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik kompaniyasidan ma’lum
qilishlaricha, hozirgi kunda energiya tejovchi va ekologik xavfsiz
texnologiyalarni joriy qilish, eksportbop va import o‘rnini bosadigan
mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi izchil kengaymoqda. Davlatimiz
rahbarining 2009 yil 19 iyunda qabul qilingan “Devorbop materiallar
ishlab chiqarishni ko‘paytirishni rag‘batlantirish va sifatini
yaxshilash borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori
asosida sement, gips, g‘isht, quruq aralashmalar, gipsokarton, oyna,
sopol koshinlar va boshqa materiallar ishlab chiqaradigan korxonalar
modernizatsiya qilinib, qurilish materiallari turlari ko‘paytirilmoqda.
Berilgan imtiyozlar ularning sifatini oshirish va tannarxini 15-20
foizga kamaytirish imkonini bermoqda. 2011 yilning 11 oyida yiliga 216
million dona pishiq g‘isht ishlab chiqarish bo‘yicha 38 investitsiya
loyihasi amalga oshirildi, mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi.
Mamlakatimiz qurilish korxonalarida so‘nggi yillarda o‘ttiz turdan ortiq
zamonaviy qurilish materiallarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
Imoratlarning sifati va mustahkamligini ta’minlaydigan quruq qurilish
aralashmalari ishlab chiqarish bo‘yicha ellikdan ortiq korxona tashkil
etildi.
Ushbu sa’y-harakatlar samarasida 2011 yil davomida O‘zbekistonda
qurilish materiallari sanoati jadal sur’atlar bilan rivojlandi. Mazkur
soha 2010 yilga nisbatan 11,9 foiz o‘sdi.
O‘zbekiston sanoatining jadal taraqqiy etayotganini ko‘plab xorijiy
sarmoyadorlarning mamlakatimizga qiziqishi, o‘zaro hamkorlik o‘rnatishga
intilishi ortib borayotganida ham ko‘rish mumkin. Prezidentimiz Islom
Karimov tashabbusi bilan mamlakatimizda har yili an’anaviy tarzda
o‘tkazib kelinayotgan Xalqaro sanoat yarmarkasi va kooperatsion birjada
ham bu o‘z ifodasini topayotir. Unda har yili o‘nlab xorijiy va mahalliy
korxonalar mahsulotlarini namoyish etmoqda, o‘zaro manfaatli
shartnomalar imzolamoqda.
2011 yilda bo‘lib o‘tgan Xalqaro sanoat yarmarkasi va kooperatsion
birjada 58 davlatdan xorijiy firma hamda kompaniyalarning 850 nafardan
ziyod vakili qatnashdi. Ular mamlakatimizning 1030 dan ortiq korxona va
kompaniyalari taklif etgan xilma-xil mahsulot va xizmatlar bilan
tanishdi. Mazkur forum doirasida 2010 yili tuzilgan shartnomalar hajmi
2,6 trillion so‘mni tashkil qilgan bo‘lsa, 2011 yilda 3,5 trillion
so‘mdan ziyod hajmda shartnomalar imzolandi.
Mamlakatimiz sanoatida erishilayotgan ana shunday zalvorli natijalar
hisobiga 2011 yilda eksport mahsulotlari hajmi 2010 yilga nisbatan
qariyb 15,4 foiz ko‘paydi. Eksport tarkibida tayyor mahsulotlar ulushi
60 foizni tashkil etdi. Holbuki, 2000 yilda bu ko‘rsatkich qariyb 46
foizni tashkil etgandi.
Aholi daromadlarini muttasil oshirib borish, xalqimiz farovonligini
yuksaltirish mustaqil taraqqiyot yo‘limizning ustuvor yo‘nalishini
tashkil etadi. 2011 yilda mamlakatimizda ish haqi 20,2 foiz, budjet
tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, nafaqa va
stipendiyalar miqdori esa 26,5 foiz o‘sdi. Aholining real daromadlari
yil mobaynida 23,1 foiz ortdi.
Prezidentimiz shu xususida to‘xtalib, bir masalaga alohida e’tiborni
qaratdi: ayni paytda aholi jami daromadlarining 47 foizi tadbirkorlik
faoliyatidan olinmoqda.
Gap shundaki, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik mamlakatimizda
izchil taraqqiy etmoqda. Berilayotgan imtiyoz va preferensiyalar,
yaratilayotgan qulay shart-sharoit tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi
bo‘lgan, biznes g‘oyasini amalga oshirish niyatidagi har bir kishiga
keng imkoniyatlar yaratayotir. Bu sa’y-harakatlar ko‘lami 2011 yil –
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yilida yanada kengaydi.
Boshqacha aytganda, “o‘z biznesimni ochib foyda ko‘raman, boshqalarga
ham nafim tegadi”, degan inson uchun barcha sharoit bor. Bunday ulkan
imkoniyatlardan unumli foydalanayotganlar soni esa tobora ko‘paymoqda.
Bir misol. Ish o‘rinlari yaratish dolzarb masala bo‘lgan qishloq
joylarda tomorqadan keng foydalanishga qaratilayotgan e’tibor tufayli
ko‘p oilalar yaxshi daromad topmoqda.
– Yetti sotix tomorqamizda uch-to‘rt xil ko‘kat yetishtiramiz, – deydi
Samarqand tumanidagi “Dashtakibolo” qishloq fuqarolar yig‘ini Dehnav
mahallasida yashovchi Akmal Ahmedov. – 2011 yil oktabr-noyabr oylarida
issiqxona tashkil qilib, rediska, shivit, kashnich ekdik. Rediskani
allaqachon bozorga chiqardik. Ko‘katlarni bahorgacha bir necha bor terib
olamiz. Bahorda ekindan bo‘shagan maydonlarga yana ishlov berib,
ertapishar kartoshka va sabzi yetishtiramiz. Shu tarzda yil davomida
yerdan ikki-uch marta hosil olib, o‘rtacha 6-7 million so‘m daromad
qilamiz.
Endi oddiy hisob-kitob qilishning o‘zi kifoya. Bir oila yetti sotixli
hovlisidan 6-7 million so‘m daromad oladigan bo‘lsa, yurtimizda shunday
imkoniyatga ega oilalar qancha. Bu yoqda hali bog‘laru uzumzorlardan
olinadigan hosil hisobga kiritilgan yo‘q.
Hozir yurtimizda biror ishlab chiqarish, mini sex yoki hunarmandchilik
ustaxonasi faoliyat yuritmayotgan, zamonaviy savdo va xizmat ko‘rsatish
kirib bormagan qishloq deyarli yo‘q. Bir vaqtlar o‘zining ishlab
chiqarish korxonasiga ega bo‘lish tugul, uyining tomini tunukada
yopishga ham cho‘chigan hamyurtlarimiz bugun zamonaviy korxonalar
tashkil etmoqda. Xorijdan hamkorlar topib, qishloqqa sanoatni olib
kirmoqda. Bularning barchasi elimizning farovonligini oshirish,
mehnatiga yarasha daromad olishida muhim omil bo‘layotir.
Shahrixon tumani Bo‘ston mahallasida yashovchi Mamasodiq Rahimov oilasi
bundan uch yil muqaddam bankdan 5 million so‘m kredit olib, oilaviy
tadbirkorlikni yo‘lga qo‘ygan edi. Mamasodiq aka pichoqchilikni, Rohatoy
opa esa chopon tikishni hunar qildi. So‘ng zamonaviy hunarmandchilik
sexlari o‘rnatildi. Hozir bu yerda 30 nafarga yaqin yigit-qiz ish bilan
band – hunar o‘rganmoqda.
– Qishlog‘imizda halol mehnati bilan katta daromad topayotgan oilalar
ko‘p, – deydi Mamasodiq Rahimov. – Biz ham davlatimiz yaratib bergan
sharoitdan unumli foydalanib, kam bo‘lmayapmiz. Yangi uy-joy qurib,
mashina oldik, to‘ylar qilyapmiz…
Kuni kecha ommaviy axborot vositalari shunday ma’lumotni tarqatdi. Bugun
dunyoda talab eng yuqori va xaridorgir bo‘lgan brendlardan biri –
“Chevrolet” avtomobillari sotilishi bo‘yicha O‘zbekiston dunyoda
yetakchi sakkiz mamlakat safidan joy olgan.
Ha, mamlakatimiz va xalqimizning yuksak salohiyatini namoyon etadigan
jihatlar yildan-yilga ko‘paymoqda. Bu Prezidentimiz Islom Karimov
rahnamoligida mamlakatimiz naqadar to‘g‘ri yo‘lni tanlagani va xalqimiz
uchun hech kimdan kam bo‘lmagan hayot barpo etish, odamlarning hayotdan
rozi bo‘lib yashashi uchun barcha sharoitlar yaratish borasidagi ishlar
ulkan samaralar berayotganining amaldagi ifodasidir. O‘tgan 2011 yil
mamlakatimiz uchun ana shu yo‘lda yana bir muhim qadam bo‘ldi. Demak,
Yurtboshimiz ta’kidlaganidek, 2012 yil Vatanimiz taraqqiyotini yangi
bosqichga ko‘taradigan yil bo‘lishiga shubha yo‘q.
O‘zA