Xorijlik ekspertlar: «O’zbekiston 2012 yilga ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning munosib ko’rsatkichlari bilan kirdi»
«Jahon» AA -O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 2011
yil asosiy yakunlari va 2012 yilda O’zbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy
rivojlantirishning ustuvor yo’nalishlariga bag’ishlangan Vazirlar Mahkamasi
majlisidagi ma'ruzasi yuzasidan turli davlatlarning ijtimoiy-siyosiy va ekspert
doiralari vakillari mamlakatimizning xorijdagi diplomatiya vakolatxonalariga o’zlarining
fikr-mulohazalarini bildirishmoqda.
Xususan, «Wider EU» kompaniyasi (Belgiya) direktori, tahlilchi
Jan-Frankuiz Rivalaynning fikricha, Prezident ma'ruzasida bayon etilgan dalil
va raqamlar jahon iqtisodiyotida inqiroz davom etayotganiga qaramasdan, respublikaning izchil rivojlanib
borayotganligidan dalolat beradi. J-F.Rivalaynning so’zlariga qaraganda,
mamlakatda ishlab chiqilgan taraqqiyotning «o’zbek modeli» tufayli shunday
natijalarga erishilgan. O’zbekiston iqtisodiyotida erishilgan muvaffaqqiyatlarni
nufuzli xalqaro moliya institutlari, xususan, Xalqaro valyuta jamg’armasi, Jahon
banki va Osiyo taraqqiyot banki tomonidan berilgan baholar ham tasdiqlaydi.
Ekspertning e'tirof etishicha, O’zbekiston hukumati 2011
yilda «Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili» Davlat dasturini
muvaffaqqiyatli ravishda hayotga tadbiq etdi. Uning fikriga ko’ra, mehnat
bozori uchun tadbirkorlik faoliyati bilan risoladagidek shug’ullanishga qodir,
zamonaviy fikrlaydigan kishilarning yangi toifasini tayyorlash va o’qitish -
bugungi kunda yosh mustaqil respublikalar oldida turgan asosiy vazifalardan
biridir. Jahon tajribasi shuni ko’rsatmoqdaki, aynan ana shunday mutaxassislar
zamonaviy bozor iqtisodiyotiga o’tish va uni xalqaro bozor shart-sharoitlariga
moslashtirishning eng samarali harakatlantiruvchi kuchlaridan biri hisoblanadi.
“Shu nuqtai nazardan O’zbekiston rahbariyatining yuqori malakali kadrlar,
jumladan, tadbirkorlik sohasi mutaxassislarini tayyorlashga qaratilgan sa'y-harakatlari
katta e'tiborga sazovordir”, dedi J-F.Rivalayn.
Yevropa Xalqaro munosabatlar institutining prezidenti
Irnerio Seminatore qayd etganidek, bugun O’zbekiston mamlakatni
sanoatlashtirishga qaratilgan faol chora-tabrirlar ko’rmoqda. Respublika hukumati
qator industrial-sanoat loyihalari ro’yobga chiqarilishini taklif qilmoqda. Shu
bilan birga, qishloq joylardagi yashash shart-sharoitlarini maksimal darajada
shahar andozalariga yaqinlashtirish bo’yicha katta va sezilarli ishlar amalga
oshirilmoqda. Bu O’zbekistonning barcha ijtimoiy-iqtisodiy sohalari taraqqiyoti
yangilanishining puxta o’ylangan va pragmatik strategiyasi ko’rsatkichi hisoblanadiki,
Prezident Islom Karimovning mar'ruzasi bundan yaqqol dalolatdir.
«Mamlakat katta tabiiy va inson resurslariga ega. Iqtisodiyotning
sanoatlashuvi, xorij sarmoyalari hajmining o’sishi, chet el kompaniyalari uchun
O’zbekistonda yaratilgan keng imkoniyatlar - bularning barchasi iqtisodiy barqarorlik
samaralari hisoblanadiki, kelajakda ham ular o’zining ijobiy natijalarini
namoyon etaveradi, deya ta'kidladi ekspert.
Shuningdek, I. Seminatore Yevropa Ittifoqi mamlakatlari va
O’zbekiston o’zaro manfaatli hamkorlikni faollashtirish uchun katta salohiyatga
ega ekanligini qayd etdi. “Bu salohiyat o’z navbatida O’zbekiston iqtisodiyotiga
yangidan-yangi sarmoyalarni jalb qilishga, respublikaning uzoq muddatli iqtisodiy
taraqqiyotiga ko’maklashadi”, dedi u.
I. Seminatorening fikricha, 2012 yilning O’zbekistonda
«Mustahkam oila yili», deb e'lon qilinishi davlatning oila, jamiyat ijtimoiy
taraqqiyoti masalalariga katta e'tibor qaratayotganidan dalolat beradi. 2011
yili respublikada ish haqi miqdori 20 foizdan ziyodga, ijtimoiy nafaqalar va
stipendiyalarning 26 foizdan ziyodga oshgani, shuningdek, 2012 yilda davlat
byudjeti umumiy xarajatlarining 60 foizdan ko’prog’i ijtimoiy soha va aholini
ijtimoiy jihatdan qo’llab-quvvatlashga yo’naltirilgani dalillari buni yana bir
bor tasdiqlaydi.
Belgiyalik ekspert Leon Vegnez O’zbekiston Prezidenti Islom
Karimovning ma'ruzasi taraqqiyotning «o’zbek modeli» mamlakat rahbariyati
tomonidan izchil va muvaffaqqiyatli ravishda hayotga tadbiq etilayotganidan
yana bir dalolat ekanligini alohida ta'kidladi.
«Avval boshdanoq «falaj qilib davolash» deb ataladigan
siyosat qo’llanishini rad etgan O’zbekiston qadam-baqadam ijtimoiy-iqtisodiy
islohotlarni amalga oshira borib, zamonaviy milliy sanoat taraqqiyotiga keng
ko’lamli kapital mablag’larini yo’naltirgani va agrosanoat jabhasini modernizatsiyalagani holda ijtimoiy sohaga katta miqdordagi mablag’larni
jalb qildi».
Uning so’zlariga qaraganda, bunday davlat siyosati ijobiy
natijalarni berdi va bu ma'ruzada ham o’z ifodasini topgan. Xususan, ekspert
2011 yili O’zbekistonda yalpi ichki mahsulot hajmi yuqori darajada o’sgani,
sanoat ishlab chiqarishi, qishloq xo’jaligi, chakana savdo aylanmasi va boshqa
sohalar o’sishining barqaror sur'atlariga erishilgani diqqatga sazovor jihat
ekanligini qayd etdi.
«Italiya-O’zbekiston» Savdo palatasi raisi Luidji Ipertining
fikr bildirishicha, «iqtisodiy ko’rsatkichlar shuni aniq-ravshan namoyon
etadiki, O’zbekiston yalpi ichki mahsulot barqaror yillik o’sishi 8-10 foiz
miqdorida bo’lishi hamda 2015 yilga borib YAIM shakllanishida sanoat ishlab chiqarishi ulushini 28 foizga qadar
oshirish uchun mustahkam zamin yaratayotganidan dalolat beradi”.
“Sanoat o’sishi avtomashinalar, yuk avtomobillari, neft va
gaz sanoati uchun mo’ljallangan sanoat asbob-uskunalari ishlab chiqarilishining
ortishi bilan tasdiqlanadi. Shu bilan birga, qishloq xo’jaligi mahsulotlarining
miqdori va sifati ham oshdi. Mamlakatda sarmoyaviy faollik jarayonining yuqori
darajasi kuzatilmoqda - ularning hajmi 10,8 milliard AQSh dollariga yetdi.
Banklar sanoatni moliyalashtirishga jiddiy ko’mak ko’rsatishmoqda.
Bularning barchasiga taraqqiyotning «o’zbek modeli» tufayli
erishildiki, unga ko’ra, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar iqtisodiyotni
mafkuradan xoli etish, qonun ustuvorligi va islohotlarning bosqichma-bosqich
ro’yobga chiqarilishi kabi tamoyillar asosida amalga oshirilmoqda”, dedi L.
Iperti.
U O’zbekiston Prezidentining sanoatlashtirish,
innovatsiyalar, zamonaviy texnologiyalar, ta'lim, sog’liqni saqlash hamda
ijtimoiy ta'minot va boshqa masalalarga bo’lgan alohida e'tiboriga yuqori baho
berdi. L. Ipertining komil ishonch bilan aytishicha, “O’zbekistonning sanoati
rivojlangan boshqa mamlakatlar bilan zamonaviy hamkorligi respublikaning
muvaffaqqiyatli taraqqiyotiga ko’maklashadi”.
O’z navbatida, «O’zbekiston-Italiya» assotsiatsiyasining
raisi Rokko Abram “qo’lga kiritilgan natijalar ko’rib chiqilgan holda,
O’zbekiston hukumati mamlakatning bugungi kundagi hamda kelajakdagi dastur va
rejalari ro’yobga chiqarilishini o’z oldiga maqsad qilib qo’yganki,
Prezident ma'ruzasi ham bundan yaqqol
dalolat beradi”, deya ta'kidladi.
«Iqtisodiy ko’rsatkichlar, ya'ni dunyodagi eng yuqori
darajalardan biri sifatida tan olingan YAIM o’sishi, iqtisodiyot tizimlarining
izchil qayta qurilishi, barcha jabhalarning rivojlanishi, to’g’ridan-to’g’ri
xorij sarmoyalarining uzluksiz oqimi, keng miqyosdagi loyihalar va boshqa ana
shunday jihatlarning o’ziyoq mavjud manzarani aniq-ravshan tasavvur etish
imkonini beradi”, dedi R.Abram.
Erishilgan ijobiy natijalar bilan cheklanib qolmasdan,
O’zbekiston hukumati kelajakka nazar tashlashni afzal ko’rayotgani haqida
to’xtalar ekan, «O’zbekiston-Italiya»
assotsiatsiyasining raisi quyidagi muhim fikrni bildirdi: “Majlis natijalaridan
shu ma'lum bo’ladiki, 2012 yil yo’nalishi tanlab olingan va diqqat-e'tibor markazida har doimgidek
O’zbekiston xalqi turibdi”.
“Prezident ma'ruzasida aks etgan haqqoniy tanqidiy fikrlar
ham O’zbekistonga olg’a intilish, uzluksiz modernizatsiya jarayonida bo’lishga
ko’maklashadigan harakatlantiruvchi omillardan biridir. Tanqid imkoniyati, ayniqsa
unda muammoning yechimi ham taklif qilingan bo’lsa, siyosiy yetuklikning
ajralib turadigan belgisidir», dedi u.
«Xalqaro kuryer» ijtimoiy-siyosiy nashri ilovalarining bosh
muharriri, siyosatshunos Dmitriy Drobotun (Ukraina) O’zbekiston 2012 yil
ibtidosiga ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning munosib ko’rsatkichlari bilan
kirib kelganini bayon qildi. Jahon iqtisodiyotining
inqirozdan keyingi xasta holatiga qaramay,
O’zbekiston o’tgan yilni barqaror ravishda rivojlanayotgan mamlakat maqomida
yakunladi. O’zbekiston iqtisodiyoti o’sishining yuqori sur'atlari va milliy
moliyaviy tizimning barqarorligi xalqaro kredit-moliya institutlari tomonidan ham
e'tirof etilmoqda.
Uning so’zlariga qaraganda, O’zbekiston Prezidenti Islom
Karimov tomonidan taqdim etilgan 2012 yilga mo’ljallangan ijtimoiy-iqtisodiy
rivojlanish dasturi qo’yilgan vazifalarni hal qilish bo’yicha aniq chora-tadbirlarni
qamrab olgan. Iqtisodiyotni bosqichma-bosqich erkinlashtirish, kichik va o’rta
biznesni rivojlantirish, milliy ishlab chiqaruvchilarning raqobatbardoshligini
oshirish, sarmoyalarni jalb qilish, mamlakat tranzit salohiyatini tarraqqiy
toptirishning barqaror yo’nalishi - yangidan paydo bo’lgan emas, balki mustaqil
rivojlanish yillari davomida respublika rahbariyati tomonidan amalga
oshirilayotgan puxta o’ylangan va pragmatik siyosatdir.
«Ijtimoiy soha mustaqil O’zbekiston davlatchiligi taraqqiyotining
muhim jihati hisoblanadi. O’zbekiston Prezidenti 2012 yilni «Mustahkam oila
yili» deb e'lon qildi. So’nggi yillarda hukumat oilani mustahkamlash, onalikni qo’llab-quvvatlash,
tibbiy xizmatlarning sifatini oshirish va undan hamma birdek foydalanishini
ta'minlashga, ta'lim sifatini yuksaltirish va uy-joy masalasini hal qilishga yo’naltirilgan
davlat dasturlarini hayotga tadbiq etish va ularni qo’llab-quvvatlashga alohida
e'tibor bermoqda. Shunisi diqqatga sazovorki, joriy yilda davlat byudjeti xarajatlarining 60
foizdan ziyod qismini ijtimoiy sohaga yo’naltirish ko’zda tutilmoqda. Bu
singari ijtimoiy xarajatlarga mamlakat kelajagiga kiritilayotgan sarmoyalar
sifatida qarash lozim. O’zbek xalqi uchun oila har doim eng ustuvor ahamiyatga
ega bo’lib kelgan va, shubha yo’qki, jamiyatning bu institutini mustahkamlash
davlat va fuqarolarning ham ma'naviy, ham moddiy jihatdan farovonligi
yuksalishiga olib boradi.
Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi deputati Kim Yong Gu
uzoq yillar mobaynida O’zbekistonning siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy hayotida yuz
berayotgan tub o’zgarishlarni diqqat bilan kuzatib kelayotganini ta'kidladi. «Men
respublika erishgan yutuqlarga chin dilimdan xursandman va Koreya parlamenti
deputati sifatida mamlakatlarimiz o’rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning
rivojlanish va mustahkamlanish jarayoniga imkonim qadar ko’maklashishga
intilaman. O’zbekiston rahbarining ma'ruzasi uning uzoqni ko’ra olishini hamda
chuqur iqtisodiy bilimlarini, mamlakat oldida turgan vazifalar va ularni hal qilish
yo’llari haqida aniq tasavvurga ega ekanligini yana bir bor namoyon etadi»,
dedi Koreya parlamenti deputati.
Deputat respublika Prezidenti tomonidan «Navoiy» xalqaro
logistika markazini rivojlantirishga qaratilayotgan e'tiborga alohida urg’u
berdi.
U, shuningdek, O’zbekiston Prezidentining Demokratik islohotlarni
chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasida ko’zda
tutilgan maqsadli vazifalarni izchil ravishda amalga oshirishni davom
ettirishning muhimligi haqidagi fikr-mulohazalarini qo’llab-quvvatlashini
ma'lum qildi.
Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi sobiq spikeri Li Man
Sop aytganidek, “so’nggi yillar davomida O’zbekistonda komil ishonch bilan
mustahkamlangan iqtisodiy o’sish, demokratiya asoslarinining mustahkamlanishi
va insonlar farovonligining yuksalishi tobora yorqin kuzatilmoqda”. Bu jihatlar O’zbekiston rahbarining
Vazirlar Mahkamasi majlisidagi ma'ruzasida aks etgan bo’lib, spikerning
fikricha, mazkur ma'ruza erishilgan muvaffaqqiyatlarni faqatgina baholashga emas,
balki rivojlangan, bozor iqtisodiyoti amal qiladigan demokratik davlat qurishning
yangi, yanada kattaroq vazifalarini hal qilishga bag’ishlangan.
«Prezident Islom Karimov tomonidan ishlab chiqilgan va
amalga oshirilayotgan inqirozga qarshi choralar dasturi O’zbekistonga nafaqat
ziyonlarni minimal darajada kamaytirish, balki iqtisodiy o’sishga erishish
imkonini berdi. Bosqichma-bosqich ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy isloh etish g’oyasi
nafaqat O’zbekistonda barqaror rivojlanishni ta'minlamoqda, balki uni mintaqada
yetakchi o’ringa chiqarmoqda», deya o’z fikrini yakunladi suhbatdosh.