Deputatlar Davlat byudjeti ijrosini ko‘rib chiqdilar
16.06.2012 10:02
Mamlakatimiz Konstitutsiyasida parlamentga berilgan vakolatlarga muvofiq, deputatlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining 2011-yilgi va 2012-yil birinchi choragidagi ijrosi bo‘yicha hisobotlarini ko‘rib chiqdilar. Ushbu masalalar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari, moliya vaziri R.Azimov ma’ruza qildi. Mamlakatimiz asosiy moliyaviy hujjatining ijro etilishi ustidan parlament nazorati Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining eng muhim vazifalaridan biri bo‘lib, shuning uchun ham bu masala doimo xalq noiblarining diqqat markazida bo‘ladi. Mazkur hisobotlar siyosiy partiyalar barcha fraksiyalari va O‘zbekiston Ekologik harakatidan saylangan deputatlar guruhining, shuningdek, Qonunchilik palatasi qator qo‘mitalarining majlislarida dastlabki tarzda muhokama qilindi.
Ma’ruzalarda ta’kidlandiki, keyingi yillarda jahon iqtisodiyotida yuz berayotgan salbiy holatlarga qaramasdan, inqirozga qarshi keng qamrovli dastur choralari ko‘rilganligi, shuningdek, Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasining izchil amalga oshirilayotganligi tufayli 2011-yilda iqtisodiyotning barqaror yuqori o‘sish sur’atlari va makroiqtisodiy mutanosiblik ta’minlandi.
2011-yil yakunlariga ko‘ra, mamlakatimizning yalpi ichki mahsuloti 8,3 foizga, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlari 6,3 foizga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish 6,6 foizga, qurilish ishlari hajmlari 8,1 foizga, chakana tovar aylanmasi 16,4 foizga, pullik xizmatlar ko‘rsatish hajmlari 16,1 foizga o‘sdi. Mahsulot eksport qiluvchi korxonalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va eksport mahsulotlari tuzilmasini diversifikatsiya qilish, mahsulot sotish bo‘yicha yangi tashqi bozorlarni faol o‘zlashtirish 2011-yilda eksport hajmlarining 15,4 foizga o‘sishini, tashqi savdo balansidagi ijobiy saldo miqdorining ancha ortishi hamda mamlakatimiz oltin-valyuta zaxiralarining ko‘payishini ta’minladi.
Iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta qurollantirish, uy-joy qurilishini, transport va infratuzilma kommunikatsiyalarini rivojlantirish borasida faol investitsiya siyosati olib borilishi natijasida investitsiyalarni o‘zlashtirish hajmlari 11,2 foizga ko‘paydi. 1006 ta yangi ishlab chiqarish quvvatlari foydalanishga topshirildi, 144 ta yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish nihoyasiga yetkazildi. “Qishloq qurilish bank” aksiyadorlik tijorat bankining mablag‘lari hisobidan qishloq joylarda zamonaviy loyihalar asosida 7400 taga yaqin uy-joy qurilib, foydalanishga topshirildi.
Investitsiyalardan oqilona foydalanish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturlarini muvaffaqiyatli joriy qilish evaziga qo‘shimcha qiymat solig‘i tushumlari 2010-yilga taqqoslaganda 22 foizga ko‘paydi, bu esa mamlakatimizda iqtisodiyotni modernizatsiyalash va diversifikatsiya qilish borasida olib borilayotgan siyosatning eng muhim yutug‘idir.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishni rag‘batlantirish borasida ko‘rilgan chora-tadbirlar uning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 2010-yildagi 52,5 foizdan 2011-yilda 54 foizga ko‘payishini ta’minladi. Barcha omillar hisobiga aholining real pul daromadlari 2010-yilga taqqoslaganda 23,1 foizga ko‘paydi.
Iqtisodiyotni rivojlantirishga doir keng ko‘lamli chora-tadbirlarni amalga oshirish natijasida Davlat byudjetining 2011-yildagi ijrosi tasdiqlangan parametrlarga muvofiq, shuningdek, iqtisodiyotning soliq yukini kamaytirgan holda ijro etildi. Davlat byudjeti YaIMga nisbatan 0,4 foiz profitsit bilan ijro etildi, inflyatsiya darajasi esa belgilangan prognoz ko‘rsatkichlaridan oshmadi.
Mamlakatimiz Prezidentining 2011-yilning asosiy yakunlari va 2012-yilda O‘zbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining majlisidagi ma’ruzasida belgilagan vazifalarni izchil amalga oshirish mamlakatimiz iqtisodiyotida jiddiy iqtisodiy siljishlarni ta’minladi. Chunonchi, joriy yilning I choragida yalpi ichki mahsulotning o‘sishi 7,5 foizni tashkil etdi. Iqtisodiy o‘sish sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmlarini 6 foizga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni 6,1 foizga va xizmatlar ko‘rsatish hajmlarini 12,6 foizga ko‘paytirish hisobidan ta’minlandi. Ichki talabni yanada rag‘batlantirish va aholining xarid quvvatini oshirish borasida ko‘rilgan chora-tadbirlar chakana tovar aylanmasi hajmlarining – 11 foizga, aholiga pullik xizmatlar ko‘rsatish – 20,1 foizga hamda aholining jami daromadlari – 26,2 foizga o‘sishini ta’minladi.
Birinchi chorakda byudjet YaIMga nisbatan 0,2 foiz profitsit bilan ijro etildi.
Bundan tashqari, Qonunchilik palatasining majlisida alohida ta’kidlandiki, hisobot davrida Davlat byudjetini ijro etishda asosiy e’tibor ijtimoiy sohaga, ya’ni ta’lim, sog‘liqni-saqlash sohalarini yanada rivojlantirishga, aholini maqsadli ijtimoiy himoya qilishga, birinchi darajali to‘lovlarni o‘z vaqtida moliyalashtirishga qaratildi.
Savol-javoblardan so‘ng batafsil muhokama bo‘lib o‘tdi, unda barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari va O‘zbekiston Ekologik harakatidan saylangan deputatlar guruhi vakillari so‘zga chiqdilar.
Bahs-munozaralar chog‘ida O‘zLiDeP fraksiyasi kichik biznes va xususiy tadbirkorlik uchun yaratilgan qulay sharoitlar va berilgan soliq imtiyozlariga e’tiborni qaratdilar. Xususan, yagona soliq to‘lovi stavkasining 7 foizdan 6 foizga tushirilishi byudjet tushumlarining kamayishiga olib kelgani yo‘q, aksincha, soliq solinadigan bazaning kengaytirilishi hisobiga byudjet tushumlari o‘tgan yilga taqqoslanganda 31,4 foizga o‘sganligini alohida ta’kidladilar. Shu bilan bir qatorda joylarda qonun hujjatlarining tadbirkorlik faoliyatini kuchaytirish uchun sharoitlarni yanada takomillashtirishga, fermer xo‘jaliklari faoliyatini rag‘batlantirishga, bu xo‘jaliklar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar uchun hisob-kitoblarni o‘z vaqtida amalga oshirishga qaratilgan talablarini bajarishga doir takliflar bildirildi. Korxonalarda ishlab chiqarishga bog‘liq bo‘lmagan xarajatlarni qisqartirish, qishloq joylarga zamonaviy mini-texnologiyalarni jalb etish masalalariga e’tiborni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
O‘zXDP fraksiyasi deputatlari Davlat byudjetining ijtimoiy sohaga yo‘naltirilganligini, chunonchi xarajatlarning 58 foizi aynan shu sohaga va aholini ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga sarflanayotganligini alohida ta’kidlab o‘tdilar. Qabul qilingan Ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturining amalga oshirilishi 2011-yilda bir millionga yaqin yangi ish o‘rinlarini tashkil etish imkonini berdi, shundan 68 foizi qishloq joylariga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, “Mustahkam oila yili” Davlat dasturini amalga oshirishga joriy yilning birinchi choragida barcha moliyalashtirish manbalaridan 271 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi. Shu bilan birga O‘zXDP fraksiyasi vakillari bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish orqali aholining ijtimoiy kam ta’minlangan qatlamlarini manzilli qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish zarurligini ta’kidladilar.
O‘zbekiston “Milliy tiklanish” DP fraksiyasi deputatlari oilaviy tadbirkorlik va hunarmandchilikni rivojlantirishni rag‘batlantirishga qaratilgan va yaqindagina qabul qilingan qonunlarning muhim ahamiyatga ega ekanligiga e’tiborni qaratdilar. Ichki bozorni mamlakatimizda ishlab chiqariladigan sifatli mahsulotlar bilan to‘ldirish uchun ajratilayotgan mablag‘larni samarali sarflash muhimligi ta’kidlandi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston “Milliy tiklanish” DP fraksiyasi deputatlari mahalliy byudjetlardan ajratilayotgan mablag‘larning sarflanishi ustidan deputatlik nazoratini kuchaytirishga da’vat etdilar. Shuningdek, turistik faoliyat to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish orqali turizm sohasini hamda mahalliy byudjetlarning daromad qismini ko‘paytirishga olib keluvchi kichik shaharlar va etnik madaniy markazlarni rivojlantirish masalasiga alohida urg‘u berildi.
O‘zbekiston “Adolat” SDP fraksiyasi a’zolari byudjetda g‘aznachilik boshqaruvi tizimining joriy etilishi tufayli erishilgan ijobiy natijalarning muhimligini ta’kidladilar. Innovatsiyalarga asoslangan iqtisodiyotni modernizatsiya qilish byudjet mablag‘larini sarflashning muhim yo‘nalishi bo‘lishi lozimligi ta’kidlab o‘tildi. Bunda deputatlar qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish uchun mablag‘lar ajratish zarurligiga e’tiborni qaratdilar.
O‘zbekiston Ekologik harakatidan saylangan deputatlar guruhi a’zolari atrof-muhitni muhofaza qilishni moliyalashtirish hajmlarining har yili oshib borayotganligini alohida ta’kidladilar. Chunonchi, agar 2010-yilda atrof-muhitni muhofaza qilishga Davlat byudjetidan 48,9 milliard so‘m ajratilgan bo‘lsa, 2011-yilda bu ko‘rsatkich 84,2 milliard so‘mni tashkil etdi. Ayni bir vaqtning o‘zida Ekologik harakatdan saylangan deputatlar tabiatni muhofaza qilish va turar joy mavzelarini obodonlashtirishga, shaharlar, shaharchalar va qishloqlar infratuzilmasini yaratishga ajratiladigan byudjet mablag‘larini samarali o‘zlashtirish muhimligini ta’kidladilar.
Shuningdek, deputatlar byudjet intizomiga rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytirish zarurligi haqida fikr bildirdilar. Hukumatga byudjetning daromad qismi sifatli ijro etilishiga salbiy ta’sir etuvchi omillarga, chunonchi, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha boqimandalik, debitorlik va kreditorlik qarzdorlikning ahvoliga alohida e’tibor qaratish taklif etildi.
Deputatlar Davlat byudjeti bo‘yicha hisobotlar yuzasidan tegishli vazirliklar va idoralarning vakillariga ko‘plab savollar berishdi.
Masalalar atroflicha muhokama etilganidan so‘ng Oliy Majlis Qonunchilik palatasi O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining 2011-yilgi va 2012-yil birinchi choragidagi ijrosi bo‘yicha hisobotlarni tasdiqladi.
Muhokama yakunlariga ko‘ra, Qonunchilik palatasining tegishli qarorlari qabul qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Axborot xizmati