Toshkentda O‘zbekiston Respublikasida istiqomat qilayotgan nemis millatiga mansub fuqarolar masalalari bo‘yicha O‘zbekiston-Germaniya hukumatlararo komissiyasining beshinchi majlisi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi va Germaniya Federativ Respublikasi ichki ishlar vazirliklari hamkorligida tashkil etilgan ushbu tadbirda ikki mamlakatning ichki va tashqi ishlar, madaniyat va sport, mehnat va ijtimoiy muhofaza kabi sohalar uchun mas’ul vazirlik va idoralari vakillari ishtirok etdi.
Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining o‘rinbosari, hukumatlararo komissiya hamraisi Mirkomil Mirfayziyev O‘zbekiston bilan Germaniya o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari ko‘plab sohalarda izchil rivojlanib borayotganini, bunda ikki davlat rahbarlarining uchrashuvlari chog‘ida erishilgan kelishuvlar muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotganini alohida ta’kidladi.
O‘zbekistonda tinchlik, do‘stlik va millatlararo totuvlikni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratilayotgani qayd etildi. Mamlakatimizda bir yuz o‘ttizdan ortiq millat va elat vakillari bir oila farzandlaridek ahil-inoq yashab, yurtimiz taraqqiyoti yo‘lida samarali mehnat qilmoqda. Turli millat va elatlarning tili, madaniyati, urf-odatlari va an’analarini saqlash va rivojlantirish doimiy e’tiborda. Mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan “O‘zbekiston-Germaniya”, Germaniyadagi “Germaniya-O‘zbekiston” do‘stlik jamiyatlari, Toshkent shahridagi “Vidergeburt” nemis madaniyat markazi xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va madaniy-ma’rifiy aloqalarni yanada rivojlantirishga munosib hissa qo‘shmoqda.
Tadbirda O‘zbekiston Qizil yarim oy, Germaniya Qizil xoch, Germaniya texnikaviy hamkorlik jamiyatlari hamkorligining amaliy ifodasi bo‘lmish tibbiy-ijtimoiy markazlar O‘zbekistonda istiqomat qiluvchi turli millatlar vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilayotgani ta’kidlandi. Xususan, 2011 yilda bunday markazlar tomonidan to‘qqiz mingga yaqin aholiga, jumladan, to‘rt yarim mingga yaqin nemis millatiga mansub fuqaroga tibbiy-ijtimoiy xizmat ko‘rsatilgan.
Majlisda tomonlar O‘zbekistonda istiqomat qiluvchi nemis millatiga mansub aholini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, madaniy-ma’rifiy, tibbiy-ijtimoiy markazlar faoliyatini yanada taraqqiy ettirish, o‘zaro madaniy, ilmiy, ma’rifiy va texnik hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish bilan bog‘liq masalalarni muhokama qildilar, habar beradi O‘zA.
– O‘zbekistonda millatlararo totuvlikni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarni juda qadrlaymiz, – dedi Germaniya Federativ Respublikasi Federal hukumatining ko‘chib o‘tganlar va kam sonli millatlar masalalari bo‘yicha vakili, Ichki ishlar vazirligining parlament tomonidan davlat kotibi, Bundestag deputati, komissiya hamraisi Kristof Bergner. – O‘zbekistonda milliy madaniy markazlar faoliyati keng yo‘lga qo‘yilgani turli millat vakillarining o‘z urf-odat va an’analarini, madaniyatini rivojlantirishida muhim ahamiyat kasb etmoqda. O‘zbekistonda nemis millatiga mansub fuqarolarga jamiyatning muhim vakillari sifatida qaralishi, ularning urf-odat va an’analari yuksak qadrlanishi bizni juda quvontiradi. Nemis millatiga mansub fuqarolar ravnaqi uchun ko‘rsatilayotgan ulkan e’tibori va g‘amxo‘rligi uchun O‘zbekiston rahbariyatidan minnatdormiz.