«New Europe» gazetasi O’zbekiston haqida
27.01.2012 15:33
«Jahon» AA, Bryussel - Yaqinda Belgiyada ingliz tilida chop etiladigan «New Europe» gazetasida O’zbekistonga bag’ishlangan qator maqolalar e'lon qilindi.
Xususan, “Toshkent va Pekin ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlamoqda” sarlavhali maqolada XXR Raisining maxsus vakili, Butunxitoy xalq vakillari kengashi Doimiy qo’mitasi raisining o’rinbosari Chen Chjilining ikki mamlakat o’rtasida diplomatiya munosabatlari o’rnatilganining 20 yilligi nishonlanishi doirasida O’zbekistonga buyurgan tashrifi haqida ma'lumot beriladi.
Maqolada alohida ta'kidlab o’tilganidek, bugungi kunda Xitoy va O’zbekiston o’rtasidagi munosabatlar o’z taraqqiyotining yangi bosqichiga ko’tarilgani holda har ikki mamlakat uchun yangi va noyob imkoniyatlar hamda keng istiqbollar ochilmoqda. Jumladan, maqolada Chen Chjilining XXR O’zbekiston tomoni bilan birgalikda ikki mamlakat rahbarlari o’rtasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, o’zaro siyosiy ishonchni mustahkamlash, barcha sohalardagi o’zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanligi haqida bildirgan fikr-mulohazalari gazeta o’quvchilari e'tiboriga havola qilingan.
Ushbu nashrda e'lon qilingan “O’zbekiston energiyaning qayta tiklanuvchi manbalarini rivojlantirish masalalarini muhokama qilmoqda” sarlavhali maqolada esa Toshkent shahrida “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining parlament fraksiyasi va “O’zbekenergo” davlat hissadorlik kompaniyasi hamkorligida mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning ustuvor yo’nalishlariga bag’ishlab o’tkazilgan “davra suhbati”ning tafsilotlari qalamga olingan.
Tadbirda Fanlar akademiyasining energetika va energiyani tejash sohasidagi yetuk olim va mutaxassislari, tegishli vazirlik va idoralar, korxona va tashkilotlarning vakillari ishtirok etishgani haqida xabar berilar ekan, “O’zbekistonda energiyaning qayta tiklanuvchi manbalaridan keng foydalanish bo’yicha salmoqli ilmiy va texnologik baza yaratilgani” qayd etiladi. “Tadbir davomida aniq misollar orqali qayta tiklanuvchi energiya manbalari, nafaqat mamlakatning o’zida balki xorijda ham e'tirof etilgan milliy ishlanmalarning yuqori darajadagi samardorligi ko’rsatib berildi.
“Davra suhbati” yakunlariga ko’ra muqobil energetikani rivojlantirish, ushbu sohadagi qonunchilikni yanada takomillashtirishga yo’naltirilgan tavsiyalar ishlab chiqildi”, deb yozadi «New Europe» gazetasi.
O’zbekistonda ommaviy axborot vositalariga soliq imtiyozlari berilishiga oid material ham o’quvchilar e'tiborini tortishiga shubha yo’q. Unda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov mamlakat ommaviy axborot vositalarini yanada rivojlantirish uchun qo’shimcha soliq imtiyozlari va afzalliklar berilishi to’g’risidagi qarorni imzolagani xususida fikr yuritiladi.
«New Europe» gazetasi ta'kidlanganidek, mazkur qaror ommaviy axborot vositalari, nashriyot, poligrafiya korxonalari va matbuot tarqatuvchi tashkilotlarni yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar va omillarni yaratish, OAVning mustaqilligini ta'minlash, axborot sohasini rivojlantirishda, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ustidan jamiyat nazoratini o’rnatishda ularning rolini oshirishga qaratilgan.
Belgiyaning boshqa yetakchi ommaviy axborot vositalari ham O’zbekiston mavzusiga tez-tez murojaat etishlari odatiy tusga kirgan. Ularda e'lon qilinayotgan axborot materiallarida respublikamizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi hamda yurtimizning boy sayyohlik salohiyati mavzulariga alohida e'tibor qaratiladi.