«Jahon» AA, London - Buyuk Britaniya poytaxtidagi ExCel ko’rgazmalar majmuida 32-Jahon sayyohlik yarmarkasi (World Travel Market) bo’lib o’tdi. Yevropa mintaqasida o’z miqyosi jihatidan ikkinchi o’rinda turadigan ushbu sayyohlik anjumani Londonda 1980 yildan buyon har yili o’tkazib kelinadi.
World Travel Market dunyo sayyohlik industriyasidagi asosiy an'anaviy sayyohlik forumlaridan biri bo’lgani holda u ishtirokchilarga jahon sayyohlik bozori taraqqiyoti va undagi yo’nalishlar, bu biznesdagi raqobatbardoshlikning yuqori darajasini ta'minlash usullari to’g’risidagi atroflicha ma'lumotlarni taqdim etadi. Mazkur anjuman yangi sheriklik aloqalarini o’rnatish, muzokaralar olib borish hamda o’zaro manfaatli shartnomalarni imzolash uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib berishi bilan ham katta e'tiborga sazovordir.
Joriy yilda World Travel Market maydoni 50000 kvadrat metr sahnni egalladi. Unda dunyoning 230 mamlakati va mintaqasidan 5 mingdan ziyod kompaniya o’z mahsulotini namoyish etdi. Jahon ommaviy axborot vositalarining 3 ming nafardan ko’proq vakillari mazkur anjuman ishini yoritdilar.
O’zbekiston peshtaxtasi ko’rgazmalar markazining Osiyo bo’limidan joy oldi. Unda o’zbek xalqining boy madaniy-tarixiy merosi, uning zamonaviy hayoti va betakror sayyohlik salohiyati munosib ravishda namoyish etilganini alohida ta'kidlash joizdir.
Anjuman chog’ida turli taqdimot, seminar, konferensiya va boshqa tadbirlar ham tashkil etildi. Jumladan, forum doirasida O’zbekiston, Misr, Qatar, Norvegiya, Keniya, Meksika, Paragvay, Yamayka, Gambiya singari jahonning 80 dan ortiq mamlakati sayyohlik vazirliklarining rahbarlari ishtirokida bo’lib o’tgan vazirlar sammitida Osiyo - Tinch okeani mintaqasi mamlakatlari Sayyohlik uyushmasi, Sayohat va sayyohlik bo’yicha umumjahon kengashi hamda boshqa nufuzli tashkilotlarning rahbarlari ekspert sifatida so’zga chiqdilar.
Shuningdek, World Travel Market anjumani doirasida birinchi marotaba Birlashgan Millatlar Tashkiloti Umumjahon Sayyohlik tashkilotining (YUNVTO) Buyuk Ipak yo’li bo’yicha Ishchi guruhiga a'zo mamlakatlari yig’ilishi bo’lib o’tdi. Undan ko’zlangan asosiy maqsad “Ipak yo’li” brendini jahon sayyohlik bozoriga munosib va keng miqyosda ilgari surish bilan izohlanadi. Yig’ilishda “Ipak yo’li” loyihasi doirasida O’zbekistonda respublika shaharlariaro yo’l infratuzilmasini takomillashtirish yuzasidan olib borilayotgan diqqatga molik ishlar to’g’risidagi ma'lumot uning ishtirokchilari e'tiboriga havola qilindi.