O’zbekiston Prezidenti Islom Karimovning Qirg’izistondagi voqealar yuzasidan bergan bayonoti qirg’iz jamoatchiligi nigohida
«Jahon» AA,
Bishkek - O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning
Qirg’izistondagi voqyealar yuzasidan shu yil 18 iyun kuni Buxoro
viloyatiga safari chog’ida bergan bayonoti siyosiy, ekspert-tahlilchi
va diplomatiya doiralarida, xususan, Qirg’iziston ommaviy axborot
vositalarida keng sharhlanmoqda.
Bayonot matni Qirg’izistonning Muvaqqat hukumati matbuot xizmati
tomonidan hamda mamlakatning barcha asosiy axborot agentliklari va
ommaviy axborot vositalari, jumladan, Qirg’izistonning “Kabar” milliy
axborot agentligi, «24.kg», «Tazar.kg», «Barakelde.org», «For.kg» kabi
axborot agentliklari, “Qirg’iziston so’zi”, “Bishkek oqshomi”,
“ErkinToo”, “Ijtimoiy reyting” gazetalari, «Belo‘y Parus», «VRS» kabi
internet portallarida e'lon qilindi.
O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov bayonotining mohiyati
Kirg’izistonning umumrespublika televideniyesi yangiliklar kanallarida
(“KTR”, “5-kanal”, “ElTR”) qirg’iz va rus tillarida muntazam efirga
uzatilib turibdi.
O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning bayonoti
Qirg’izistonning keng jamoatchiligi orasida katta qiziqish uyg’otdi.
Xususan, mamlakatning Muvaqqat hukumati devoni
axborot-muvofiqlashtirish markazi mudiri, axtorot siyosati masalalari
bo’yicha muvofiqlashtiruvchi F.Niyozov o’z mulohazalarida jumladan
quyidagilarni qayd etdi: “Muvaqqat hukumatning barcha a'zolari,
mahalliy hukumat organlari rahbarlari mamlakat uchun o’ta murakkab
bo’lgan hozirgi vaziyatda O’zbekiston tomonidan Qirg’izistonga
ko’rsatilgan yordamni juda yuksak baholayapti.
O’zbekistonning oqilona siyosati va birinchi galda O’zbekiston
Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning Qirg’izistondagi voqyealar
borasidagi puxta va har tomonlama o’ylangan qarori mamlakat janubidagi
keskinlikni kamaytirishga xizmat qiladi va mamlakat oddiy odamlarining
o’zaro murosaga kelishi va ziddiyatning tezroq bartaraf etilishiga
xizmat qiladi. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovga
samimiy minnatdorlik bildirar ekan, Muvaqqat hukumat raisi R.Otunboyeva
o’zining barcha bayonotlari, shu jumladan, xorijiy davlatlar hamda
xalqaro tashkilotlar vakillari bilan uyushtirilayotgan rasmiy suhbatlar
chog’ida O’zbekiston rahbariga yuksak ehtiromini qayta-qayta izhor
etmoqda”.
Qirg’iziston Tashqi ishlar vazirligining Diplomatiya akademiyasi
rektori, Qirg’iziston Respublikasining Favqulodda va muxtor elchisi
J.Saadanbekov:
“Bugun ushbu fojeaning sabablari haqida o’z fikrini aytmagan va
yozmaganlar juda kam bo’ldi, biroq voqyeaga nisbatan munosabat
bildirganlar orasida, ehtimol, faqatgina O’zbekiston Prezidenti Islom
Karimov uning asosiy sabablariga aniq va xolis baho berdi - sodir
etilgan fojealarda o’zbeklarning ham, qirg’izlarning ham aybi
yo’qligini, ushbu qonli mojarolar uchinchi kuchlar tomonidan
uyushtirilganligini aytdi. Qo’poruvchilik harakatlarini
uyushtirganlarning asosiy maqsadi O’zbekistonni ham bu qarama
qarshilikka tortish bo’lgan. Biz, qirg’izlar va o’zbeklar, ming yillar
davomida yonma-yon yashab kelganmiz, o’zaro til topishga va o’z
muammolarimizni o’zimiz yechishga qodirmiz. Nafaqat tarixiy ahamiyatga
ega bo’lgan ushbu haqqoniy so’zlaringiz, balki Sizning jahon
miqyosidagi dono davlat arbobi va o’zbek millatining munosib yetakchisi
ekanligingizni ifoda etuvchi keskin vaziyatni yumshatish borasidagi
oqilona amaliy sa'y-harakatingiz uchun Sizga katta rahmat, muhtaram
Islom Abdug’aniyevich”.
Iqtisod fanlari nomzodi K.Ormushev (Qirg’iziston):
“Ilgari, hukumat tizimlarida ishlab yurganimday bugungi kungacha doimo
mamlakat rahbariyatini eng avvalo doimo qirg’iz xalqiga o’zining yordam
qo’lini cho’zgan, yaqin qo’shnisini og’ir kunlarda tashlab qo’ymagan
O’zbekiston bilan uzoq muddatli sheriklik munosabatlarini barpo etishga
ishontirishga harakat qilib kelganman va hozir ham shunday qilaman.
O’zbekistonning matonat bilan va har tomonlama oqilona o’ylangan
yondashuvi, men ko’rib turganim - qardosh o’zbek xalqining rahbari,
ulkan hurmat va ehtiromga munosib Islom Abdug’aniyevich Karimovning
bebaho xizmatlari fikrimning yana bir tasdig’idir. O’zbekiston rahbari
o’zining sabrli, dono va voqyea-hodisalarga nisbatan jiddiy munosabatda
bo’lishini namoyon etdi, ziddiyatning kengayib ketishiga yo’l qo’ymadi
va qirg’iz jamoatchiligi orasidagi keskinlikni kamaytirishga yordam
berdi. Biz Qirg’izistonda biz uchun murakkab bo’lgan ushbu kunlarda
O’zbekistonni Prezident Islom Karimov siymosida dono, uzoqni ko’ra
biladigan davlat arbobi - o’zbek xalqining xaqiqiy yetakchisi
boshqargani bilan g’ururlanamiz”.
Mustaqil ekspert M.Suyunboyev:
“O’zbekiston rahbari barchasini aniq va tushunarli qilib ifodaladi. Biz
Islom Abdug’aniyevichni birinchi galda izchillik bilan, o’z davlati va
mamlakati milliy manfaatlarini, shu jumladan voqyealarga matonat bilan
va munosib tarzda javob bergan holda qat'iy himoya qiladigan davlat
rahbari sifatida bilamiz. O’zbekiston Respublikasi Prezidentining
bayonoti O’zbekiston jamoatchiligi kabi Qirg’izistondagi qirg’iz va
o’zbek doiralari uchun ham birdek ijobiy ta'sir ko’rsatdi. Buning
ustiga bir vaqtning o’zida, bunaqa holat juda kam uchraydi! Ayniqsa
etnik guruhlar munosabatlari kabi qaltis sohada. O’zbekiston Prezidenti
Islom Karimov yana bir bor o’zining dono siyosatchi, o’z millatining
haqqoniy yetakchisi va munosib nufuz va ehtiromga sazovor bo’lgan
haqiqiy davlat arbobi ekanini namoyon etdi”.
“Sebep” tahliliy markazi direktori O.Moldaliyev:
“O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov konstruktiv
ahamiyatga ega bo’lgan bayonot berdi. Uning xizmatlarini munosib tarzda
taqdirlamoq kerak: 1990 yildagi O’sh voqyealari davrida ham O’zbekiston
rahbari bu Qirg’izistonning ichki ishi, deya baholab, ushbu masalaga
aralashmagan va qarama-qarshilikning kuchayib ketishiga yo’l qo’ymagan.
O’zbekiston nafaqat bizdagi, balki boshqa davlatlardagi vaziyatning
barqaror bo’lishini ham nazorat qiladi, bu esa unga mintaqadagi
vaziyatni beqarorlashuvidan manfaatdor bo’lgan uchinchi kuch haqida
xulosa chiqarish huquqini beradi. Biz O’zbekiston kelgusida ham
mamlakatlarimiz o’rtasidagi ishonch va do’stona munosabatlarning
mustahkamlanishiga xizmat qiluvchi amaliy qadamlar qo’yishiga
ishonamiz”.
“Din, huquq va siyosat” tadqiqot-tahliliy markazi direktori K.Malikov:
- O’zbekiston rahbariyatining Qirg’izistonning janubida sodir bo’lgan
voqyealarga nisbatan o’sha vaqtda zurur bo’lgan sabr-matonati va
vaziyatni teran anglagani tahsinga loyiqdir. Etnik guruhlar o’rtasidagi
ziddiyatlar va o’sha kunlarda O’sh va Jalolobodda sodir bo’lgan
voqyealar o’rtasidagi chegarani juda aniq ajratib olish zarur edi.
Qirg’iziston orqali butun Farg’ona vodiysida beqarorlik holatini yuzaga
keltirishga urinish bo’lgandi. Toshkent mintaqaga ta'sir o’tkazish
uchun katta davlatlar to’qnashgani ko’rinib turgan ziddiyatning
mohiyatini juda yaxshi tushunishini ko’rsatdi. Dalillar bizning
mintaqamizda niqob taqib olgan kuchlar tomonidan butun Markaziy Osiyoni
qayta tashkil etishga harakatlar bo’lganini ko’rsatadi. Ushbu maqsadlar
ostida nafaqat energiya resurslari uchun, balki diniy ekstremistik
tashkilotlar faoliyati bilan bog’liq g’oyaviy kurashlar ham yotibdi.
Men O’zbekiston Prezidenti Islom Karimovning mamlakatlarimiz qiyin
vaziyatdan o’z kuchimiz bilan chiqish yo’llarini izlashi lozimligi
haqidagi fikrlariga qo’shilaman.
Siyosatshunos M.Sariyev:
“O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning bayonoti o’ta
ziyraklik bilan, oqilona va o’z vaqtida amalga oshirilgan ish bo’ldi.
Ushbu ziddiyat, shubhasiz, uchinchi kuch tomonidan uyushtirilgan
xunrezlikdir. Ma'lumki, ushbu voqyealar davrida bizning mamlakatimiz
orqali katta miqdordagi giyohvand moddalar olib o’tilgan. Gap shundaki,
vaziyat beqarorlashganda, bu jarayonga terrorchilar, diniy
ekstremistlar, giyohvand moddalar bilan shug’ullanuvchi mafiya
guruhlaridan iborat bir necha tomonlar bir vaqtning o’zida o’z
manfaatlarini ko’zlagan holda, qora tuynukka yaqinlashgan kabi, suqilib
kiraveradi”.
Harbiy ekspert L.Bondarets:
“Birodar o’zbek xalqi O’zbekiston rahbari yetakchiligida Qirg’iziston
uchun murakkab kechgan ushbu kunlarda qirg’iz xalqiga nihoyatda muhim
yordam ko’rsatdi. Bu munosib ehtiromga sazovordir va O’zbekistonning
mintaqadagi qo’shni davlatga bo’lgani kabi va umuman butun dunyoda
mavjud bo’lishi kerak bo’lgan, yaqinlarga qiyin vaziyatlarda yordam
qo’lini uzatishdek boshqalarga o’rnak bo’la oladigan insoniylik
g’oyalari tarafdori ekanini yana bir bor isbotlaydi.
O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning Qirg’izistonning
janubida sodir bo’lgan voqyealar bo’yicha bayonoti o’z vaqtida
berilganligi va unda vaziyatga berilgan baho Qirg’iziston jamoatchiligi
orasidagi keskinlikning kamayishiga bevosita ta'sir ko’rsatgani bilan
o’ta muhim ahamiyat kasb etadi hamda ushbu bayonot butun mintaqada
vaziyatni barqarorlashtirishga xizmat qiladi”.