O’zbekiston - Yaponiya: samarali hamkorlikning 20 yili
26.01.2012 10:27
“Jahon” AA - O’zbekiston va Yaponiya o’rtasida diplomatiya munosabatlari o’rnatilganiga roppa-rosa 20 yil to’ldi. O’tgan davr mobaynida mamlakatlarimiz o’rtasida iliq va o’zaro ishonchga asoslangan aloqalar o’rnatildi. Bugun mamlakatlarimiz o’zaro to’g’ri tushunish, ishonch va bir-birining manfaatlarini hurmat qilishga asoslangan an'anaviy do’stona munosabatlarni yuqori baholaydi va qadrlaydilar.
O’zbekiston va Yaponiya xalqlarining do’stlik rishtalari hamda savdo va madaniy aloqalarining tarixi ko’hna Buyuk Ipak yo’li davriga borib taqaladi. Xalqlarimiz o’rtasidagi ko’p asrlarlik tarixga ega bo’lgan yaqin aloqalar bugungi kunda davom etmoqda hamda ular O’zbekiston va Yaponiya o’rtasidagi samarali hamkorlikning muhim omili sifatida qolmoqda.
Kushon davlatining e'tiborli dinlaridan biri - buddaviylik I-VI asrlarda O’zbekiston hududida tarqalgani mushtarak tarixiy ildizlar mavjud bo’lganini tasdiqlaydi. Keyinchalik buddaviylik O’rta Osiyo xalqlarining qadriyat va an'analari bilan boyigani holda Yaponiya orollariga qadar yetib borgan.
1991 yil 28 dekabrda Yaponiya O’zbekiston mustaqilligini tan olgan kundan boshlab davlatlarimiz o’rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar rivojiga asos solindi. 1992 yil 26 yanvarda diplomatiya munosabatlari o’rnatilgan edi. Shundan e'tiboran O’zbekiston Respublikasi va Yaponiya o’rtasidagi munosabatlar sifat jihatdan yangi pog’onaga ko’tarildi va qator yuqori darajadagi uchrashuvlar mamlakatlarimiz o’rtasida faol siyosiy muloqot olib borilayotganini tasdiqlaydi.
O’zbekiston Prezidenti Islom Karimovning 2011 yil 8 - 10 fevral kunlari Yaponiyaga buyurgan rasmiy tashrifi ikki mamlakat o’rtasidagi munosabatlarga yangi kuchli turtki berdi. Tashrif chog’ida yuqori texnologiyalar sohasiga ixtisoslashgan yirik kompaniyalar bilan qator kelishuvlarga erishildiki, ular neft-gaz, kimyo, neft-kimyo, energetika, mashinasozlik, to’qimachilik sanoati kabi mamlakatimiz iqtisodiyotining jadal rivojlanayotan sohalariga yapon texnologiyalari va sarmoyalarini jalb etishga yo’naltirilgan.
Zamonaviy bosqichda har ikki davlat mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik qator masalalarda bir-birini siyosiy jihatdan o’zaro qo’llab-quvvatlamoqda. Xususan, O’zbekiston Yaponiyaning BMT Xavfsizlik Kengashi doimiy a'zoligiga qabul qilinishini ma'qullaydi. Yaponiya, o’z navbatida, Prezident Islom Karimovning O’rta Osiyoda yadro qurolidan xoli hududni yaratish bo’yicha tashabbusini qo’llab-quvvatladi.
O’zbekiston va Yaponiya o’rtasida yo’lga qo’yilgan parlamentlararo hamkorlik faol rivojlanmoqda. Yaponiya parlamentida “Yaponiya demokratik partiyasi - O’zbekiston” va “Yaponiya Liberal-demokratik partiyasi - O’zbekiston” do’stlik ligalari tashkil etilgan, O’zbekiston parlamentining Qonunchilik palatasi tarkibida esa “O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi - Yaponiya parlamenti” parlamentlararo guruhi faoliyat yuritib kelmoqda.
Mamlakatlarimizning siyosiy aloqalari haqida to’xtalganda siyosiy muloqot, mintaqa ichidagi o’zaro aloqalar, savdo va sarmoyaviy hamkorlikni rag’batlantirish, intellektual muloqot, madaniy aloqalar, inson resurslari almashuvi singari hamkorlik yo’nalishlarini o’z ichiga olgan “Markaziy Osiyo Q Yaponiya” Muloqoti doirasidagi faol hamkorlikni yodga olmaslik mumkin emas.
2010 yil 7 avgust kuni Toshkentda mazkur Muloqotning tashqi ishlar vazirlari uchinchi yig’ilishi muvaffaqiyatli o’tdi va uning yakunlari bo’yicha Yaponiya ishtirokida mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor yo’nalishlari yuzasidan chora-tadbirlar belgilandi.
Bugun Yaponiya - O’zbekiston Respublikasining yirik investorlaridan biridir. Neft-gaz sohasi, transport jabhasi, telekommunikatsiya, sog’liqni saqlash, ta'lim, qishloq xo’jaligi va boshqa tarmoqlardagi ustuvor loyihalarni ro’yobga chiqarish uchun yotqizilgan moliyaviy mablag’larning umumiy hajmi 2,3 milliard dollardan ziyodni tashkil etdi. Davlat imtiyozli yena kreditlari yo’nalishi bo’yicha - 1,2 milliard dollardan ziyod, beg’araz yordam yo’nalishi bo’yicha - 280 million dollardan ortiqroq, texnikaviy ko’mak yo’nalishi bo’yicha 110 million dollardan ziyod, tijorat kreditlari yo’nalishi bo’yicha 720 million dollardan oshiq mablag’ shular jumlasidandir.
Iqtisodiy hamkorlik bo’yicha O’zbekiston - Yaponiya va Yaponiya - O’zbekiston qo’mitalari savdo-iqtisodiy aloqalar rivojlanishiga salmoqli hissa qo’shmoqda.
1999 - 2001 yillari Toshkentda Yaponiyaning xalqaro hamkorlik bo’yicha agentligi (JICA), Yaponiya tashqi savdo tashkiloti (JETRO) hamda beg’araz texnik yordam ko’rsatish, ikkala tomon ishbilarmon va ijtimoiy doiralar vakillari o’rtasida aloqalar o’rnatish va gumanitar sohadagi hamkorlikni rivojlantirish borasidagi loyihalarni amalga oshirishga xizmat qiluvchi O’zbekiston - Yaponiya markazi ochildi.
O’zbekistonda yapon kapitali ishtirokida ko’pgina yirik loyihalar muvaffaqiyat bilan hayotga tadbiq etilayotir. «Mitsui», «Mitsubishi», «Itochu», «Marubeni» singari va boshqa yirik yapon korporatsiyalarining vakolatxonalari ochilgan. Samarqand avtomobil zavodida «Isuzu» rusumli avtobuslar va yuk mashinalari ishlab chiqarilayotgani iqtisodiyot sohasidagi muvaffaqiyatli hamkorlikning yorqin misollaridan biri hisoblanadi.
Yapon mutaxassislari bilan hamkorlikda qator yirik infratuzilma loyihalari amalga oshirildiki, «Toshg’uzor-Boysun-Qumqo’rg’on» temir yo’l yo’nalishi ana shular jumlasidandir. Yaponiya tomonidan “Taraqqiyotga rasmiy yordam” dasturi doirasida “Qarshi - Termiz” temir yo’li uchastkasini elektrlashtirish bo’yicha loyihani ro’yobga chiqarish uchun O’zbekistonga uzoq muddatli kredit ajratilishi ko’zda tutilgan.
Madaniy-gumanitar va ta'lim sohalaridagi hamkorlik samarali ravishda rivoj topmoqda. Ikki mamlakat oliy o’quv yurtlari o’rtasida yaqin o’zaro aloqalar yo’lga qo’yilgan. Xususan, “Nagoya” universiteti Toshkent Davlat yuridik instituti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Samarqand Davlat universitetining Huquqshunoslik fakulteti bilan faol hamkorlik qilmoqda. Oliy o’quv yurtlari o’rtasida doimiy ravishda o’qituvchi kadrlar va talabalar almashuvlari amalga oshirilmoqda. Bu yo’nalishda yosh mutaxassislarga yapon oliy o’quv yurtlarida tahsil olish imkoniyatini yaratib bergan Yaponiya Xalqaro hamkorlik bo’yicha agentligining (JICA) katta xizmati bor.
Yaqinda Yaponiyada bo’lib o’tgan O’zbekiston - Yaponiya akademik forumining ikkinchi yig’ilishi hamda Yaponiya hukumatining «Global-30» dasturi doirasida tashkil etilgan ikki mamlakat oliy o’quv yurtlari rektorlarining uchrashuvi, qolaversa, Yaponiyaning nufuzli oliy o’quv yurtlarida tahsil olayotgan o’zbekistonlik talabalar sonining o’sib borayotgani ta'lim va ilmiy-tadqiqot faoliyati sohalarida O’zbekiston - Yaponiya hamkorligi tobora mustahkamlanayotganidan dalolat beradi.
1999 yili Toshkentda «O’zbekiston - Yaponiya» do’stlik jamiyati ta'sis etildi. «Yaponiya - O’zbekiston», «Fukushima - O’zbekiston», «Fukuoka - O’zbekiston» yapon do’stlik assotsiatsiyalari mazkur jamiyatning asosiy sheriklari hisoblanadi.
2002 yili O’zbekiston Prezidenti Islom Karimovga Vaseda i Soka universitetlarining “Faxriy doktori” unvonlari berildi. 2004 yili o’zbek madaniyatiga ehtirom va buyuk qalamkash o’lmas ijodining e'tirofi sifatida Soka universiteti hududida o’zbek xalqining buyuk shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiy haykali o’rnatildi. Har yili 9 fevralda mazkur universitetda Navoiyxonlik tadbiri o’tkaziladi, yodgorlik poyiga gullar qo’yiladi. A.Navoiy adabiy merosining targ’ibotiga qo’shgan muhim hissasi uchun «Soka Gakkay Interneshnl» Yaponiya budda uyushmasi prezidenti D.Ikede “Navoiy shahrining faxriy fuqarosi” unvoniga sazovor bo’ldi.
O’zbekiston xalqining ma'naviy-ahloqiy merosi, tarixi va me'moriy yodgorliklarini chet elda o’rganish va targ’ib etish borasidagi ulkan hamda ikki davlat o’rtasidagi ilmiy hamkorlikni rivojlantirishga qo’shgan salmoqli hissasi uchun 2002 yilning may oyida O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning Farmoniga ko’ra Yaponiyaning taniqli arxeolog olimi va jamoat arbobi Kyudzo Kato O’zbekiston Respublikasining «Do’stlik» ordeni bilan taqdirlandi.
Ikki mamlakat o’rtasidagi sheriklik va hamkorlikni chuqurlashtirish ishiga qo’shgan katta hissasi uchun Yaponiya sobiq Bosh vaziri, mamlakat Parlamenti deputati, “Yaponiya Liberal-demokratik partiyasi - O’zbekiston” parlament do’stlik ligasining faxriy maslahatchisi Yoshiro Mori, Yaponiyaning O’zbekistondagi sobiq elchisi K.Nakayama (1999-2002 yillar), Bank-moliya akademiyasining sobiq birinchi prorektori T.Kitamura va Vaseda universitetining sobiq rektori T.Okushima ham “Do’stlik” ordeni bilan mukofotlandilar.
2001 yili Toshkentdagi “O’zekspomarkaz” hududida mingta sakura ko’chati ekilgan Yapon bog’ining ochilishi bo’lib o’tdi. Taniqli yapon rassomi, Toshkent shahrining faxriy fuqarosi unvoniga sazovor bo’lgan I.Xirayamaning moliyaviy ko’magida 2002 yili mamlakatimiz poytaxtida “Madaniyat karvon saroyi” O’zbekiston-Yaponiya ilmiy-ijodiy markazi ochildi. 2005 yilning mart oyida esa mazkur markaz hududida “Xirosimaning tinchlik toshi” o’rnatildi. Toshkentdagi Bobur nomli madaniy-istirohat bog’ida O’zbekistonning O’rta Osiyo mintaqasida tinchlik va barqarorlik ishini mustahkamlashga qo’shgan hissasini ramziy ifoda etadigan “Tinchlik qo’ng’irog’i” o’rnatildiki, Yaponiya bir ijtimoiy tashkiloti ham aynan shunday nom bilan yuritiladi.
Shuni ishonch bilan aytish mumkinki, barcha sohalarda yo’lga qo’yilgan ikki tomonlama munosabatlarning darajasi, O’zbekiston va Yaponiya xalqlari o’rtasidagi iliq va do’stona aloqalar, o’tgan davr ichida o’zaro hamkorlik borasida erishilgan yuqori natijalar mamlakatlarimiz o’rtasidagi diplomatiya aloqalarining yanada rivojlanishi, kengayishi va mustahkamlanishi uchun muhim asos bo’lib xizmat qiladi.