Shu yilning 16 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov bilan BMT Bosh kotibi Pan Gi Munning telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston rahbari keyingi kunlarda Qirg‘iziston Respublikasi janubida, O‘sh shahri va Jalolobod viloyatida uyushgan bosqinchi to‘dalar tomonidan tinch aholiga, birinchi navbatda, o‘zbek millatiga mansub aholiga nisbatan jazosiz qolayotgan qotilliklar, zo‘ravonliklar, qirg‘in va o‘t qo‘yishlar haqidagi aniq ma’lumotlar, raqamlar va dalillarni batafsil bayon etdi.
Yuzlab qurbon bo‘lganlar, shuningdek, jabr ko‘rganlar, jarohatlanganlar orasida minglab o‘zbek millatiga mansub fuqarolar bor.
Tinch aholi va Qirg‘iziston muvaqqat hukumati rahbari R.Otunboyevaning murojaatidan so‘ng qochqinlarni qabul qilish uchun O‘zbekiston chegarasi ochildi. Bugungi kunda asosan ayollar, bolalar va keksalardan iborat qochqinlarning soni 70-80 mingdan oshadi. Bu, o‘z navbatida, ularga yordam, birinchi navbatda, tibbiy yordam ko‘rsatish, dori-darmon yetkazib berish va barcha zarur narsalar bilan ta’minlash bo‘yicha alohida chora-tadbirlar ko‘rishni taqozo etmoqda.
Qochqinlar uchun barcha zarur shart-sharoit yaratildi va yaratilmoqda: bemorlar, shuningdek, homilador ayollar shifoxonalarga joylashtirildi, hamma ehtiyojmandlarga profilaktik tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda, maishiy sharoitlar yaratilmoqda, uch mahal ovqat bilan ta’minlanmoqda. Vaziyat avvalo qochqinlar oqimining ko‘pligi, ularning jismoniy va ruhiy holati tufayli murakkablashmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti jabr ko‘rgan odamlar og‘ir ahvolda qolganini inobatga olib, hozircha faqat BMT tuzilmalari va ayrim davlatlar tomonidan taklif etilayotgan yordamni tezlashtirish zarurligini yana bir bor ta’kidladi.
Yordam tariqasida kelayotgan yuklarning harakati yo‘lidagi oraliq bo‘g‘inlarni kamaytirish va ularni dahshatli qirg‘indan jabr ko‘rganlar joylashtirilgan yerlarga bevosita yetkazib berish maqsadga muvofiq ekani qayd etildi.
Ushbu jarayon yuzasidan g‘oyat qat’iy nazorat o‘rnatish muhimligi ta’kidlandi.
BMT Bosh kotibi, o‘z navbatida, Qirg‘iziston janubida yuzaga kelgan vaziyat va qochqinlar lagerlaridagi ahvol to‘g‘risidagi ma’lumotlar, BMT va uning tuzilmalari hamda ommaviy axborot vositalari vakillariga jabrdiydalar joylashgan lagerlarga ochiq va erkin kirib-chiqish uchun yaratilgan imkoniyat uchun minnatdorlik bildirdi, shuningdek, falokat zonalarida vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida axborot berdi.
BMT Bosh kotibi yordam ko‘rsatish borasidagi barcha ishlarni shaxsan o‘zi muvofiqlashtirib borayotganini hamda Qirg‘iziston janubidagi aholini qo‘llab-quvvatlashning samaradorligini oshirish va jabr ko‘rgan aholiga bevosita yordam ko‘rsatish bo‘yicha barcha zarur choralarni ko‘rayotganini ta’kidladi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti, dedi janob Pan Gi Mun, Qirg‘iziston janubi va butun mamlakatdagi vaziyatni bevosita nazoratga olgan va vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha tezkor choralar ko‘radi.