Mamlakatimizda 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni keng nishonlandi.
Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan milliy ommaviy axborot vositalari rivojiga qaratilayotgan ulkan e’tibor soha xodimlaridan yanada faollik va izlanuvchanlikni, ogohlik va daxldorlik hissi bilan yashash va mehnat qilishni talab etmoqda.
Mamlakatimizda 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni keng nishonlanayotgan ayni paytda bu jihatlar yanada yorqin namoyon bo‘lmoqda.
O‘zbek Milliy akademik drama teatrida mazkur sanaga bag‘ishlab o‘tkazilgan tantanali tadbirga soha rivojiga munosib hissa qo‘shgan faxriylar, ustoz jurnalistlar, barcha turdagi ommaviy axborot vositalarining ijodiy va texnik xodimlari, noshir va matbaachilar, oliy ta’lim muassasalarining jurnalistika fakulteti professor-o‘qituvchilari, yosh qalamkashlar, turli vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari vakillari taklif etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga tabrigini Prezidentning Davlat maslahatchisi X.Sultonov o‘qib eshittirdi.
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Sh.G‘ulomov bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini xalqimizga yetkazish, jamoatchilik fikrini shakllantirish, hamyurtlarimizning ijtimoiy-siyosiy faolligini yuksaltirishda ommaviy axborot vositalarining o‘rni va ahamiyati tobora kuchayib borayotganini ta’kidladi.
Demokratik talablarga to‘la mos keladigan mustahkam qonunchilik bazasi – O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, o‘nga yaqin qonun hujjatlari mamlakatimiz ommaviy axborot vositalarini erkin rivojlantirishni, ularning samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlamoqda. Istiqlol yillarida mamlakatimizda ommaviy axborot vositalari soni qariyb to‘rt barobar oshdi. 1991 yilda ommaviy axborot vositalarining umumiy soni 395 ta bo‘lgan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich 1250 tani tashkil etadi. Mustaqillikka qadar respublikadagi mavjud barcha media tuzilmalar – gazeta, jurnal va teleradiokanallarning muassislari davlat hokimiyati va boshqaruv organlari edi. Endilikda yurtimizda ro‘yxatga olingan ommaviy axborot vositalarining 60 foizdan ko‘prog‘i nodavlat tuzilmalardir.
Sohaga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik samarasida teleradiokanallar faoliyatiga zamonaviy raqamli axborot texnologiyalari joriy etilmoqda. Kadrlarning kasb malakasi va mahoratini oshirish, mehnatini moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish masalasiga doimiy e’tibor qaratilmoqda. Ayni paytda yurtimizda internet jurnalistikasining jadal ravnaq topayotgani fuqarolarning tezkor axborotlarga bo‘lgan talab va ehtiyojini ta’minlashda, mamlakatimiz hayotiga oid yangilik va voqealardan jahon jamoatchiligini o‘z vaqtida xabardor etishda muhim omil bo‘lmoqda.
Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasida milliy jurnalistikani zamonaviy asosda ravnaq toptirish yuzasidan muhim vazifalar belgilangan. Unga ko‘ra, ommaviy axborot vositalarining iqtisodiy asoslari, ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash kafolatlari, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash ishlari, teleradioeshittirishlarga oid milliy qonunchiligimiz davr talablariga uyg‘un tarzda takomillashtirilmoqda.
Prezidentimizning 2011 yil 30 dekabrda qabul qilingan “Ommaviy axborot vositalarini yanada rivojlantirish uchun qo‘shimcha soliq imtiyozlari va afzalliklar berish to‘g‘risida”gi qarori barcha media tuzilmalar, nashriyotlar, poligrafiya korxonalari va matbaa tarqatuvchi tashkilotlarni rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish, ularning mustaqilligini ta’minlash, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari ustidan jamoat nazoratini o‘rnatishda yangi imkoniyatlar ochmoqda.
Soha ravnaqi yo‘lida ulkan imkoniyat va qulayliklarning yaratilishi, ushbu mashaqqatli va sharafli kasb egalari mehnatining doimiy e’zozlanib, rag‘batlantirilishi ijodkorlardan faollik va qat’iyatni, o‘z faoliyatiga haqqoniy, chuqur tahliliy asosda yondashishni, jamiyat, xalq, Vatan manfaatlarining tom ma’nodagi himoyachisi bo‘lishni talab etmoqda. Ayni paytda mustaqilligimizni, yurtimizdagi barqaror va osuda hayotni, turli millat va elatlar o‘rtasidagi ahillik, o‘zaro hamjihatlik muhitini ko‘z qorchig‘idek asrab-avaylash, jamiyat poydevori bo‘lmish oilalarning o‘rni va ahamiyatini kuchaytirish, yoshlarni milliy hayot tarzimiz, ma’naviyatimizga yot zararli g‘oyalar, noxolis axborotlar xuruji, “ommaviy madaniyat”ning salbiy ta’sirlaridan himoyalash vazifalari jurnalistlar oldiga doimo ma’naviy uyg‘oq bo‘lish, jamiyat oldidagi mas’uliyatni yanada teran anglashdek ulug‘vor talablarni qo‘ymoqda.
Mamlakatimizda har yili soha xodimlarining kasb bayrami arafasida O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan o‘tkaziladigan “Yilning eng faol jurnalisti” respublika ko‘rik-tanlovi sohada fidokorona mehnat qilayotgan, faol va izlanuvchan, jamiyatimiz hayotining turli jabhalarida kechayotgan islohotlarni xalqimizga yetkazishda alohida jonbozlik ko‘rsatayotgan fidoyi hamkasblarimizni aniqlash, ularni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Tadbirda mazkur ko‘rik-tanlovning joriy yilgi g‘olib va sovrindorlari e’lon qilinib, ularga diplom va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi. So‘zga chiqqanlar jurnalistlar mehnatini e’zozlash, ularni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, yangi ijodiy marralar sari ruhlantirish yo‘lida ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun Prezidentimizga minnatdorlik izhor etdilar.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi tomonidan o‘z ijodi bilan yurtimizda sportni ommalashtirish, jamiyatda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, yoshlarni sportga keng jalb etishga katta hissa qo‘shayotgan jurnalistlar taqdirlandi.
San’at ustalari va ijrochi yoshlar ishtirokidagi konsert dasturi namoyish etildi, habar beradi O‘zA.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari E.Bositxonova, A.Aripov ishtirok etdi.