Giyohvand moddalarning navbatdagi turkumi yo‘q qilindi
25.06.2009 15:25
Toshkent shahrining Sirg‘ali tumanidagi zavodlardan birida 26 iyun – Xalqaro narkotik moddalarni suiiste’mol qilish va ularning noqonuniy aylanishiga qarshi kurash kuni arafasida Respublika hukumati topshirig‘iga binoan Milliy xavfsizlik xizmati tomonidan boshqa huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlikda narkobiznesga qarshi kurash davomida musodara qilingan giyohvand moddalarning navbatdagi turkumi yo‘q qilindi.
O‘zA xabar berishicha, idoralararo komissiya a’zolari ishtirokida domna pechlarida 1 ming 355 kilogramm giyohvandlik moddalari, shu jumladan, 975 kilogramm geroin, 270,5 kilogramm opiy, 88 kilogramm marixuana, 16 kilogramm nasha, shuningdek, katta miqdordagi ko‘knori poxoli, nasha o‘simligi, tabletka va eritmalar shaklidagi psixotrop preparatlar yoqib yuborildi. Ushbu tadbirda BMTning Markaziy Osiyoda Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasining mintaqaviy vakolatxonasi, davlat va jamoat tashkilotlari, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan diplomatik korpus vakillari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi narkotiklarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro hamjamiyat oldidagi o‘z majburiyatlarini bajarishga katta ahamiyat qaratmoqda. 1995 yilning fevralida mamlakatimiz BMTning 1961 yildagi narkotik moddalar to‘g‘risidagi, 1971 yildagi psixotrop moddalar to‘g‘risidagi hamda 1988 yildagi narkotik vositalar va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurash to‘g‘risidagi konvensiyalariga qo‘shilgan. 2000 yilning yanvaridan O‘zbekiston Respublikasining «Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar to‘g‘risida»gi qonuni kuchga kirgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish Milliy axborot-tahlil markazining xalqaro bo‘limi boshlig‘i A.Erkaboyevning aytishicha, mamlakatimizda qo‘llaniladigan amaliyotga muvofiq, jinoiy ishlar bo‘yicha ashyoviy dalil sifatida ko‘rsatilgan narkotik vositalar, sud hukmi kuchga kirgach, maxsus ajratilgan domna pechlarida Narkotiklarni nazorat qilish bo‘yicha davlat komissiyasi, barcha huquq-tartibot va sud organlari vakillari ishtirokida yoqib yuboriladi. Bunday moddalarning yirik turkumlari BMT, jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida yo‘q qilinadi. 1994 yildan buyon O‘zbekistonda 43 tonna 750 kilogramm narkotik modda yo‘q qilindi.
BMTning Markaziy Osiyoda Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi mintaqaviy vakolatxonasi menejeri Julduz Akisheva O‘zbekistonning narkobiznesga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro faoliyatni muvofiqlashtirish borasidagi ulkan rolini alohida ta’kidladi. Ayni paytda u musodara qilinayotgan narkotik moddalar hajmining oshib borayotganini va bu yo‘nalishdagi ishlarda ijobiy o‘sish mavjudligini qayd etdi.
BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2008 yilda Afg‘onistonning 16 viloyatida ko‘knori opiysi ekilgan. O‘tgan yili opiy yetishtirishning umumiy hajmi 6 foiz qisqargan (2007 yildagi 8200 tonnadan 2008 yilda 7700 tonnagacha). Shunga qaramay, Afg‘oniston avvalgidek jahonda giyohvand moddalar yetishtirish markazlaridan biri bo‘lib qolmoqda.
O‘zbekistonlik ekspertlar narkotiklar bilan bog‘liq o‘tgan yilgi vaziyat bo‘yicha tushuntirish berdi. Huquq-tartibot organlari va hududiy komissiyalar ma’lumotlarining tahlili shuni ko‘rsatadiki, avvalgidek, afg‘on geroini va opiysining «Shimoliy yo‘nalish»dagi oqimi hamon mamlakatdagi narkotiklar bilan bog‘liq vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi asosiy sabab bo‘lib qolmoqda.
O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari tomonidan transmilliy narkoguruhlarning qonunga zid faoliyatini aniqlash va to‘xtatish, kontrabanda kanallarini yopish, giyohvandlik ekinlarini yo‘q qilish va giyohvandlik illati yoyilishining oldini olish bo‘yicha maxsus kompleks operatsiyalar amalga oshirildi. Afg‘onistonda yetishtiriladigan opiy va geroin O‘zbekiston hududiga Tojikiston orqali va bevosita Afg‘onistondan kirib keladi.
Tadbirda narkojinoyatchilarni qo‘lga olish holatlari tasvirlangan videomateriallar namoyish qilindi. Surxondaryo viloyatida Amudaryodan qo‘lda yasalgan qayiqda 44 kilogramm opiy olib o‘tayotgan Afg‘oniston fuqarosi qo‘lga olingan. Toshkent viloyatida «Neksiya» avtomashinasi ko‘zdan kechirilganda, maxsus tayyorlangan xufya joyga berkitilgan 3 kilogramm 565 gramm geroin va 6 kilogramm 160 gramm opiy topilgan. Surxondaryo viloyatida mamlakatimiz fuqarosining uyi ko‘zdan kechirilganda, Tojikistondan aylanma yo‘llar orqali olib kelingan 133,2 kilogramm geroin topilgan va musodara qilingan.
Asosan afg‘onistonlik fuqarolar yetakchi rol o‘ynayotgan, xalqaro aloqalari rivojlangan jinoiy narkoguruhlarning faollashishi kuzatilmoqda. Surxondaryo viloyatida Afg‘onistonning Balx viloyatida yashovchi qurollangan shaxs qo‘lga olindi va undan 52 kilogramm opiy moddasi olib qo‘yildi. Bu kimsa narkotiklarni rezina qayiqlarda Amudaryo orqali olib o‘tgan. Shu yerda Balx viloyatining yana bir qurollangan fuqarosi qo‘lga olindi va undan 27,4 kilogramm opiy moddasi musodara qilindi. Narkotik moddalarni tashuvchilar bu «zahri qotil»ni meva-sabzavotlar ichida, avtotransport vositalaridagi xufya joylarda, qo‘l yuklari, maishiy buyumlar, kiyim-kechaklar orasida, inson tanasi, hatto, ichki a’zolariga yashirgan holda olib o‘tishga urinmoqda. Shu maqsadda yengil avtotransportning yoqilg‘i gaz ballonlaridan foydalanish hollari ham aniqlangan. Umumiy hisobda Afg‘oniston fuqarolaridan 470 kilogrammga yaqin narkotik moddalar musodara qilingan.
2008 yili respublikada narkotiklar bilan bog‘liq jami 10200 jinoyat aniqlangan. Noqonuniy muomalada bo‘lgan 3 tonna 550 kilogramm narkotik moddalar musodara qilingan.
Har yili o‘tkaziladigan «Qoradori» operatsiyasi davomida 1298 holatda 2,4 gektar maydonga giyohvandlik o‘simligi ekilgani aniqlangan.
O‘zbekiston Respublikasining Narkotiklarni nazorat qilish bo‘yicha davlat komissiyasi, huquq-tartibot organlari, boshqa tegishli vazirlik va idoralar o‘z sa’y-harakatlarini narkotik moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurash bo‘yicha maqsadli kompleks chora-tadbirlarga, giyohvandlik illati tarqalishining oldini olishga, idoralararo hamkorlik va xalqaro aloqalarni rivojlantirishga yo‘naltirmoqda. 2007-2010 yillarga mo‘ljallangan Narkotik moddalarni suiiste’mol qilish va ularning noqonuniy aylanishiga qarshi kurash dasturi doirasida keng ko‘lamli profilaktika ishlari olib borilmoqda.
Narkologik xizmatlar mutaxassislari va huquq-tartibot organlari tomonidan ommaviy axborot vositalari orqali giyohvandlik va narkotiklar bilan bog‘liq jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha 970 marta chiqish qilingan, aholining turli guruhlari orasida 8665 ma’ruza o‘qilgan, 1114 seminar o‘tkazilgan.
Xalq ta’limi vazirligi tomonidan mutaxassislarni jalb qilgan holda maktab o‘quvchilari uchun giyohvandlikning oldini olish bo‘yicha darslar o‘tkazilgan. Giyohvandlikning oldini olish yuzasidan 30 mingta plakat va 10 mingta film yozilgan disk tarqatilgan.