Hindistonda O’zbekiston sayyohlik salohiyatining taqdimoti
07.12.2011 11:02
«Jahon» AA, Dehli - O’zbekiston Respublikasining Dehlidagi elchixonasida mamlakatmiz sayyohlik salohiyatining taqdimoti bo’lib o’tdi. Mazkur tadbir Hindistonning yetakchi sayyohlik kompaniyalaridan biri - “Le Passage to India Tours and Travels” (TUI) bilan o’zaro hamkorlikda tashkil etildi.
Taqdimot marosimida Hindiston tomonidan – “Cox and Kings”, “SOTC”, “Salvia”, “VRS International”, “CM Holidays”, “Aeeroworld Aviation India” hamda O’zbekiston tomonidan - «DeExplore», «Dolores Travels», «Davr Tur», «Kontinent tur», «Sayram Turizm» kabi nom qozongan sayyohlik kompaniyalari va agentliklarining vakillari ishtirok etdi. Shuningdek, Hindistonning ijtimoiy-siyosiy, ekspert-tahlil, madaniy-gumanitar va ishbilarmon doiralari vakillari ham ushbu tadbirga taklif etildi.
Marosimni ochar ekan, mamlakatimiz diplomatiya vakolatxonasining rahbari O’zbekistonda sayyohlik sohasini rivojlantirishga katta e'tibor qaratilayotgani mavzusiga atroflicha to’xtaldi. Shu boisdan ham ko’hna va boy tarixga, go’zallikda betakror va mahobatli qadimiy shaharlarga, ular bag’rida joylashgan ko’plab tarixiy osori-atiqalariga, go’zal to’rt faslni o’zida mujassam etgan iqlimiga, rivojlangan transport va mehmonxona infratuzilmasi hamda yuqori darajada ko’rsatiladigan servisga ega bo’lgan mamlakatimiz jahon sayyohlik bozoridagi o’z mavqyeini izchillik bilan mustahkamlab bormoqda. Aynan ana shu omillar O’zbekistonning hindistonliklar uchun ham sevimli sayyohlik yo’nalishlaridan biri bo’lib qolishiga xizmat qilmoqda.
Mamlakatimiz elchisi O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning joriy yil may oyida Hindistonga buyurgan davlat tashrifi ikki mamlakatning sayyohlik sohasidagi hamkorligi rivojiga ham yangi turtki berganini alohida ta'kidladi. Xususan, ushbu tashrif doirasida «O’zbekturizm» milliy kompaniyasi va Hindistonning sayyohlikni rivojlantirish bo’yicha korporatsiyasi o’rtasida Qo’shma sa'y-harakatlar rejasi imzolandi. Ushbu hujjatga muvofiq, tomonlar sayyohlik sohasida, xususan, har ikki mamlakat hududida sayyohlik ofislarini ochish, aviaqatnovlar sonini oshirish hamda soha mutaxassislarini tayyorlash borasidagi hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldilar.
Mamlakatimiz diplomatiya vakolatxonasining rahbari O’zbekiston va Hindistonning 2011 yilgi sayyohlik hamkorligi mavzusiga to’xtalar ekan, joriy yili yurtimizga hindlar zaminidan 13 ming nafardan ziyod sayyoh kelganini va yil oxiriga borib bu ko’rsatkich 15 ming nafardan oshishi kutilayotganini aytdi.
Le Passage to India Tours and Travels sayyohlik kompaniyasining vitse-prezidenti Shad Siddikining ma'lum qilishicha, mazkur kompaniya Hindiston sayyohlik bozorida ko’p yillardan buyon O’zbekistonni, uning boy sayyohlik salohiyatini targ’ib etib kelayotganini ma'lum qildi.
-Biz ishonchli, xavfsiz, mijozlarning barcha toifalari uchun sayyohlikning turli qirralari mavjud bo’lgan, xizmat ko’rsatishning yuqori darajasini o’zida mujassam etgan yangi yo’nalishlarni ko’p yil qidirgan edik, - dedi hindistonlik vakil. – Aynan O’zbekiston ana shunday jihatlari bilan istagimizga mos keldi. Biz asosan korporativ mijozlar bilan ishlaymiz. Keyingi yillar davomida O’zbekistonga IBM, Infosys, Samsung, Philips va boshqa ko’zga ko’ringan kompaniyalar vakillaridan iborat bir necha sayyohlar guruhini yubordik. Quvonarlisi shundaki, barcha mijozlarimiz yurtingizdan a'lo kayfiyat va yaxshi taassurotlar bilan Hindistonga qaytdilar.
“Aeeroworld Aviation India” sayyohlik kompaniyasining rahbari Nagaradjan Pillaining ta'kidlashicha, O’zbekiston va Hindiston o’rtasidagi sayyohlik hamkorligi shitob bilan rivojlanib bormoqda.
“Biz ko’p yillardan buyon mamlakatingiz bilan yaqin hamkorlikda ishlab kelmoqdamiz. Aytish joizki, bugungi kunda O’zbekiston sayyohlik bozorida munosib o’rnini egallash niyatida hind sayyohlik kompaniyalari o’rtasida haqiqiy raqobat muhiti kuzatilmoqda. Chunki O’zbekiston – jahon sayyohlik sohasining yaqin kelajakdagi yetakchilaridan, hindistonlik sayyohlar uchun eng jozibador yo’nalishlardan biridir. Mamlakatlarimiz o’rtasida qatnaydigan havo kemalarining liq to’la holda uchayotgani buning yaqqol isbotidir. Shu o’rinda aviayo’lovchilarning 95 foizi hindistonlik sayyohlar ekanligini alohida qayd etishni istar edim”, dedi N.Pillai.
Tadbirda so’zga chiqqan taniqli hind san'atshunosi, «Sarasvati» musiqa kollejining rahbari Bal Ram Saini ham o’zbekistonlik kasbdoshlari bilan uzoq yillardan buyon yaqindan hamkorlik qilib kelayotganini aytdi.
-O’zbekiston mening ikkinchi ona-Vatanimga aylangan, - dedi u. – Mamlakatingizda xorijlik biznesmenlar uchun ham, sayyohlar uchun ham ajoyib shart-sharoitlar yaratilgan. Shu bois yurtingizga borishni istaydigan hindistonliklar soni yildan-yilga oshib bormoqda. Hind kompaniyalari O’zbekistonning sayyohlik markazi sifatidagi salohiyatini teran anglaydi, deb o’ylayman. Shaxsiy tajribamdan kelib chiqqan holda aytishim mumkinki, O’zbekiston yilning barcha fasllarida ham maftunkordir. Men O’zbekistonga tez-tez borib turaman va har safar oila a'zolarim va yaqinlarimni ham o’zim bilan birga borishga taklif qilaman. O’zbekiston – bu nafaqat go’zal tarixiy shaharlarga, balki ajoyib tabiat manzaralariga, turfa madaniyat va san'atga, o’ziga xos va betakror mehmondo’stlikka, hind xalqiga katta qiziqish hamda hurmat bilan qaraydigan samimiy, chinakam ziyoli hamda bag’rikeng xalqiga ega bo’lgan mamlakatdir.
Shuningdek, tadbir davomida O’zbekiston sayyohlik kompaniyalarining vakillari o’z chiqishlarida nafaqat o’zbek-hind hamkorligi, balki yurtimizda sayyohlik sohasi rivojlanishining hozirgi holati va uning istiqbollari mavzusi yuzasidan ham o’z fikr-mulohazalarini taqdimot ishtirokchilari bilan o’rtoqlashdilar.