Ko‘pmillatli xalqimizning birdamligi – barcha muvaffaqiyatlarimizning muhim omilidir
24.01.2012 19:19
“Turkiston” saroyida Respublika baynalmilal madaniyat markazining 20 yilligiga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbari Islom Karimov tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1992 yil 13 yanvarda qabul qilingan qaroriga binoan mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan milliy madaniy markazlarga har tomonlama amaliy yordam ko‘rsatish va ularning ko‘p qirrali faoliyatini muvofiqlashtirish maqsadida Respublika baynalmilal madaniyat markazi tashkil etildi.
Poytaxtimizdagi “Turkiston” saroyida 20 yanvar kuni Respublika baynalmilal madaniyat markazining 20 yilligiga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Tadbirga milliy madaniy markazlar rahbarlari va faollari, parlament a’zolari, davlat va jamoat tashkilotlari, O‘zbekistonda akkreditatsiya qilingan diplomatik korpus vakillari taklif etildi.
Tadbir ishtirokchilari Mustaqillik maydoniga tashrif buyurib, hurriyatimiz, porloq istiqbolimiz va ezgu niyatlarimiz ramzi bo‘lgan Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gul qo‘ydilar.
Tantanali marosim ochiq, deb e’lon qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning Respublika baynalmilal madaniyat markazi tashkil etilganining 20 yilligiga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilish ishtirokchilariga tabrigini Prezidentning Davlat maslahatchisi X.Sultonov o‘qib eshittirdi.
Mamlakatimiz mustaqillikka erishgach, tinch va osoyishta hayotni ta’minlash, millatlararo va fuqarolararo totuvlikni asrash davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biriga aylandi. Bugun barchamiz eng katta yutug‘imiz, hech narsa bilan tenglashtirib bo‘lmaydigan bebaho boyligimiz – muqaddas zaminimizdagi tinchlik va barqarorlik, jamiyatimizdagi hamjihatlik, mehr-oqibat, yurtimizda yashayotgan 130 dan ortiq millat va elatlar madaniyati, an’ana va urf-odatlariga hurmat muhiti tobora mustahkamlanib borayotgani bilan haqli ravishda faxrlanamiz.
Mamlakatimizda hukm surayotgan bunday muhit o‘z-o‘zidan paydo bo‘lgani yo‘q, albatta. Bu Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan ishlab chiqilgan, milliy istiqlol g‘oyasiga asoslangan hamda asrlar davomida xalqimizga xos bo‘lgan bag‘rikenglik va insonparvarlik fazilatlariga tayangan millatlararo munosabatlarning prinsipial jihatdan yangi konsepsiyasi izchil amalga oshirilayotgani samarasidir. Bu sohada amalga oshirilayotgan siyosat millati, dini, tili va boshqa farqli jihatlaridan qat’i nazar, mamlakatimizning barcha fuqarolari uchun teng huquq va erkinliklarni ta’minlashga yo‘naltirilgan. Bu muhim tamoyil O‘zbekiston Konstitutsiyasida, boshqa milliy qonunchilik hujjatlarida mustahkamlab qo‘yilgan. O‘zbekistonning millatlararo munosabatlarni mustahkamlash borasidagi katta tajribasi butun dunyoda keng e’tirof etilmoqda va boshqa ko‘plab mamlakatlar uchun namuna bo‘lib xizmat qilmoqda.
O‘zbekistonda yashayotgan turli millatlar vakillari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy islohotlarga o‘zining munosib hissasini qo‘shmoqda. Ular barcha soha va tarmoqlarda fidokorona mehnat qilib, yagona maqsadimiz – mamlakatimizni yanada ravnaq toptirish yo‘lida hamjihatlikda ertangi kunga qat’iy ishonch bilan harakat qilmoqdalar.
Yurtimizdagi barcha millat va elatlar o‘z milliy madaniyati, tili, hunarmandchiligi, an’ana va urf-odatlarini rivojlantirishi uchun barcha shart-sharoit yaratilgan. Ko‘p sonli diasporalar tilida maktab va oliy ta’lim muassasalarida o‘qitish yo‘lga qo‘yilgan, gazeta, jurnallar nashr etilmoqda, radioeshittirish va teleko‘rsatuvlar efirga uzatilmoqda, turli diniy konfessiyalarning ibodatxonalari faoliyat ko‘rsatmoqda. 140 dan ortiq milliy madaniy markazlar doimiy ravishda festivallar, ko‘rgazmalar, tanlovlar, san’at arboblari bilan uchrashuvlar, turli milliy bayramlar o‘tkazib kelmoqda, mamlakatimizda millatlararo totuvlikni yanada mustahkamlash masalalari yuzasidan konferensiyalar va seminarlar tashkil etmoqda. Mamlakatimizning barcha hududlarida Respublika baynalmilal madaniyat markazining 20 yilligiga bag‘ishlangan ana shunday ko‘plab tadbirlar o‘tkazildi. Milliy madaniy markazlar o‘zaro va boshqa jamoat tashkilotlari bilan hamkorlik qilish orqali o‘zining madaniy-ma’rifiy vazifalarini bajarish bilan bir qatorda yurtimizda millatlararo munosabatlarni yanada mustahkamlash, yoshlarni yagona Vatanimiz va istiqlol g‘oyasiga sadoqat, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishiga faol hissa qo‘shmoqda.
Jamiyatimizdagi mustahkam tinchlik va hamjihatlik muhiti mamlakatimizning o‘ziga xos noyob xususiyati va ulkan boyligi hisoblanadi. Mustaqillik yillarida erishgan bu bebaho boylikni asrab-avaylash hamda uni kelgusi avlodlarimizga yetkazish uchun mas’uliyatni his etib yashash barchamiz – O‘zbekistonning ko‘pmillatli va yagona xalqining muqaddas burchidir.
Davlatimiz rahbarining 2012 yil 20 yanvarda qabul qilingan farmoniga muvofiq Respublika baynalmilal madaniyat markazi tashkil etilganining 20 yilligi munosabati bilan milliy madaniy markazlarning bir guruh faollari davlatimizning faxriy unvon, orden va medallari bilan taqdirlandi. Marosimda ularga Vatanimizning yuksak mukofotlari topshirildi.
Tantanali yig‘ilishda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, Respublika polyak milliy madaniy markazi faoli, V.Uspenskiy nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseyi bo‘lim mudiri Pavel Borisov, “Do‘stlik” ordeni sohibi, Sirdaryo viloyati ozarboyjon milliy madaniy markazi faoli, shoir Nasirli Ali Geydar o‘g‘li mamlakatimizda millatlararo tinchlik va totuvlikni yanada mustahkamlash, O‘zbekistonda yashayotgan ko‘plab millatlar va elatlar vakillari o‘z madaniyatini rivojlantirishi uchun barcha sharoitlarni yaratish borasidagi doimiy e’tibori va g‘amxo‘rligi uchun Prezidentimiz Islom Karimovga samimiy minnatdorlik izhor etdilar.
Respublika baynalmilal madaniyat markazining 20 yilligiga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilish san’at ustalari va mamlakatimiz milliy madaniy markazlari badiiy jamoalari ishtirokidagi bayram gala-konserti bilan yakunlandi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi I.Abdullayev, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari E.Bositxonova va A.Aripov ishtirok etdi.
O‘zA