“Jahon” AA, AQSh - O’zbekiston Respublikasining Vashingtondagi elchixonasida mamlakatimizda “Mustahkam oila yili” Davlat dasturining hayotga tadbiq etilishi mavzuiga bag’ishlangan brifing bo’lib o’tdi. Unda Amerika Qo’shma Shtatlari siyosiy, ishbilarmon va ekspert-tahlil doiralarining vakillari ishtirok etdilar.
Tadbir chog’ida uning qatnashchilari O’zbekiston hukumati tomonidan jamiyat asosi bo’lmish oila institutini mustahkamlash va rivojlantirish, oilalar, ayniqsa, yosh oilalarning huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy muhofazasini kuchaytirish, barkamol avlodni tarbiyalash hamda mahalla institutining sog’lom oila shakllanishidagi rolini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar to’g’risidagi batafsil ma'lumotlarga ega bo’ldilar.
Yurtimizda 2012 yilning “Mustahkam oila yili”, deb e'lon qilinishi respublikamiz hukumati tomonidan olib borilayotgan izchil ijtimoiy siyosatning mantiqiy davomi bo’lib, mazkur siyosatda mamlakat barqaror taraqqiyotini ta'minlashning muhim omili bo’lmish oilaning himoyasi markaziy o’rinni egallaydi. Toshkent shahrida ijtimoiy sohaning eng muhim yo’nalishlari - ta'lim va sog’liqni saqlash sohalarining taraqqiyoti masalalari muhokama qilingan nufuzli xalqaro anjumanlarning o’tkazilganini bu fikrning tasdig’i bo’la oladi.
Brifing chog’i qayd etilganidek, xorijiy mamlakatlarning bu boradagi tajribasini o’rganish O’zbekiston xalqaro hamkorligining muhim yo’nalishlaridan biri hisoblanadi.
AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo’yicha yordamchisi R.Bleyk AQSh mintaqadagi asosiy sherik bo’lgan O’zbekiston bilan o’zaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirishga muhim ahamiyat qaratishini ta'kidladi. “Mamlakatlarimiz o’rtasida navbat bilan Toshkent va Vashingtonda siyosiy maslahatlashuvlarni o’tkazish orqali ikki tomonlama hamkorlikning monitoringi amalga oshirilmoqda. Siyosiy maslahatlashuvlarni yirik Amerika kompaniyalari ishtirok etadigan biznes-anjumanlar bilan birgalikda o’rkazishdek ijobiy amaliyot ham kuzatilayotir. Hozirgi paytda Amerika-O’zbekiston savdo palatasi bilan hamkorlikda Toshkentda xuddi ana shunday biznes-anjumanni tashkil etish bo’yicha faol ishlar olib borilmoqda”, dedi u.
R.Bleyk mushtarak manfaatlar va katta salohiyat Amerika-O’zbekiston munosabatlarining yanada kengayishiga ko’maklashadi, deya umid bildirdi.
J.Vashington universitetining professori R.Beyker fikr bildirganidek, “O’zbekiston mintaqadagi tarixan qisqa muddat mobaynida hayratlanarli natijalarga erishgan muvaffaqiyatli davlatdir”. R.Beykerning so’zlariga qaraganda, erishilgan iqtisodiy o’sish va respublikamiz moliya tizimining mustahkamlanishi alohida e'tiborga molikdir.
Shuningdek, professor O’zbekistonda kadrlar tayyorlash va o’sib kelayotgan avlodni tarbiyalash masalalariga qaratilayotgan e'tiborni yuqori baholadi. “O’zbekiston ta'lim-tarbiyaning yuqori darajasi bilan ajralib turadi, bu esa davlatning muvaffaqiyatli taraqqiyoti garovi hisoblanadi”, dedi u.
“Boing” kompaniyasining xalqaro aloqalar va siyosat bo’yicha direktori B.Lopp O’zbekistondagi iqtisodiy islohotlar bergan ijobiy natijalarga e'tibor qaratar ekan, infratuzilmalarni, eng avvalo, transport infratuzilmasini rivojlantirish yuzasidan ko’rilayotgan chora-tadbirlar jihatidan respublikamiz mintaqa mamlakatlari orasida ajralib turishini qayd etdi. “O’zbekistonda yuqori tezlikda harakatlanadigan temir yo’l aloqasini rivojlantirish bo’yicha ko’rilayotgan chora-tadbirlar ham alohida e'tiborga sazovorki, bu sohada O’zbekiston dunyoning ko’pgina mamlakatlarini ortda qoldirmoqda”, deya bayonot berdi B.Lopp.
AQSh Kongressi Huquqshunoslik kutubxonasi direktorining o’rinbosari R.Nyulen Amerika jamoatchiligi O’zbekistonning zamonaviy taraqqiyotiga bag’ishlangan bu kabi muhim tadbirlarda ishtirok etishga qiziqish bildirishini ma'lum qildi.
“O’zbekistonda har bir yil alohida ijtimoiy yo’nalishga bag’ishlanishi an'anasi, ya'ni jamiyat turli sohalarining aniq maqsad yo’lida qo’llab-quvvatlanishi o’zining ijobiy natijalarini bermoqda”, dedi R.Nyulen.
U O’zbekistonda oila instituti an'analarining o’ziga xosligini, oila mustahkamligi mamlakat farovonligida muhim ahamiyat kasb etishini ta'kidladi.
R.Nyulen O’zbekistonda bo’lganida u ikki xalqning oila an'analaridagi farqlarni kuzatganini aytdi. Shu bois u sog’lom oila va kuchli o’zini-o’zi boshqarish institutlari O’zbekiston jamiyatining mustahkamlanishiga ko’maklashishiga amin ekanligini ma'lum qildi.