Seysmik mustahkam qurilish – ilm-fan oldidagi dolzarb vazifa
26.01.2012 18:33
Istiqlol yillarida mamlakatimizda ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Ko‘rkam ma’muriy binolar, korxonalar, ta’lim muassasalari, turli ijtimoiy infratuzilma obyektlari, yangi turar joylar barpo etilmoqda. Bu O‘zbekistonning barcha sohalarda jadal rivojlanayotganidan dalolatdir.
Vazirlar Mahkamasining 19 yanvarda bo‘lib o‘tgan 2011 yilda respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2012 yilda iqtisodiyotni barqaror rivojlantirishning eng muhim ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan majlisida Prezidentimiz Islom Karimov qishloq joylarda xususiy uy-joylarni qurish bo‘yicha keng ko‘lamli dastur amalga oshirila boshlaganidan buyon, ya’ni so‘nggi ikki yil davomida 15 mingdan ziyod oila har tomonlama qulay yangi uy-joylarga ega bo‘lganini ta’kidladi. Joriy yilda qishloq aholisi uchun 8 ming 510 ta yakka tartibdagi uy-joy qurilishi rejalashtirilgan, bu esa o‘tgan yilga nisbatan 15 foiz ko‘pdir.
O‘zbekistonda binolarning seysmik mustahkamligini ta’minlash, zilzilalarni o‘rganish va prognozlashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
“Zilzilalar dinamikasidagi murakkab jarayonlar: nochiziqlilik zilzila bashorati va seysmik barqarorlik” mavzuidagi xalqaro ilmiy anjuman ana shu dolzarb masalalarga bag‘ishlandi. Anjuman Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti, O‘zbekiston fizika jamiyati, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universiteti, Fanlar akademiyasi seysmologiya instituti hamda Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) tomonidan tashkil etildi.
Unda Germaniya, Italiya, Fransiya, Turkiya, Yaponiya va Markaziy Osiyo davlatlarining olim va mutaxassislari, mamlakatimizdagi turli vazirlik va idoralar vakillari, O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlarining aspirant va talabalari ishtirok etmoqda.
Anjumanda qayd etilganidek, BMT ma’lumotlariga ko‘ra, aynan zilzilalar so‘nggi o‘n yil ichida sodir bo‘lgan barcha tabiiy ofatlar orasida salbiy oqibatlari ko‘lamining kengligi bo‘yicha yuqori o‘rinda turadi. Shu bois, seysmologiya sohasidagi ilmiy-tadqiqot ishlarini kengaytirish, sohaga ilm-fanning turli jabhalaridagi mutaxassislarni jalb etish, olimlar va amaliyotchilarning xalqaro maqsadli hamkorligini rivojlantirish muhim ahamiyatga ega.
Ta’kidlash joizki, fanlararo yondashuv zamonaviy ilm-fanning o‘ziga xos jihati bo‘lib, mamlakatimizda jadal rivojlanayotgan ilm-fanning ilg‘or yo‘nalishlaridan biri – murakkab tizimlar fizikasi va nochiziqli dinamika bunga yorqin misol bo‘la oladi. Bugungi kunda ushbu sohada erishilgan yutuqlar fundamental ilm-fanning turli tarmoqlarida, yuqori texnologiyalarni yaratish va ularni ishlab chiqarishga joriy qilish singari keng jabhalarda qo‘llanilmoqda va bu uning raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilmoqda. Bu usullar biologik va makroiqtisodiy jarayonlar, tabiiy va texnogen halokatlarni nafaqat modellashtirish, ayni paytda prognozlashtirishga, eko va geo tizimni rivojlantirishga ko‘maklashmoqda.
O‘zbekiston va boshqa mamlakatlar olimlarining hamkorlikdagi tadqiqotlari natijasida, zilzilalar, yer va qor ko‘chkilari, epidemiyalar, o‘rmon yong‘inlari kabi tabiatdagi ko‘plab jaryonlar ko‘chkisimon tarzda sodir bo‘layotgani aniqlandi. Anjumanda ta’kidlanganidek, zamonaviy ilm-fanda Yerga oid, ayniqsa, uning geofizika, geodinamika va seysmologiya bo‘limlari bo‘yicha izlanishlar samaradorligini oshirish, zilzilalar sodir bo‘lishiga oid chuqur mexanizmlar qonuniyatlarini o‘rganish, ularni monitoring qilish va prognozlashtirish maqsadida murakkab tizimlar fizikasi va nochiziqli dinamika usullarini jalb qilish talab etiladi.
Anjumanda Markaziy Osiyo, jumladan, O‘zbekiston yuqori seysmik hududlar sirasiga kirishi qayd etildi. Mamlakatimizda seysmik jarayonlarni modellashtirish, zilzilalarni bashorat qilish va ogohlantirish, zamonaviy muhandislik inshootlari va me’moriy yodgorliklarni seysmik himoyalash sohalarida keng izlanishlar olib borilmoqda. Buning uchun barcha sharoitlar va imkoniyatlar yaratilgan. Vazirlar Mahkamasining 2009 yil 9 iyulda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi seysmologiya institutining seysmologiya stansiyalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 2009-2010 yillarda seysmik xavf monitoringi tizimini rekonstruksiya qilish va rivojlantirish Davlat dasturi qabul qilindi va amalga oshirildi. Hozirgi kunda mamlakatimizda eng zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan ko‘ptarmoqli seysmologik stansiyalar faoliyat yuritmoqda. Ular orqali olingan ma’lumotlar to‘planib, tahlil qilinadi, dunyoning ko‘plab mamlakatlaridagi seysmik xizmatlar bilan axborot almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan. Bularning barchasi olib borilayotgan tadqiqotlar samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda. Xususan, o‘zbek olimlarining zilzila sodir bo‘lishidan oldin yer osti suvlarining kimyoviy va izotop tarkibida o‘zgarishlar yuz berishi to‘g‘risidagi kashfiyoti xalqaro ilmiy hamjamiyatda katta qiziqish uyg‘otdi.
O‘zbekiston Fizika jamiyati raisi Davron Matrasulov, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining geologiya va geofizika institutining direktori o‘rinbosari Baxtiyor Nurtoyev, Germaniyaning “Geoforshung” Yerga oid ilm-fan markazining ilmiy xodimi Sergey Tyagunov, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi seysmologiya instituti laboratoriyasi mudiri Mohira Usmonova, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligining mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari Ejiri Yukixiko, Potsdam universitetining matematika instituti (Germaniya) professori Mattias Xolshnayder va boshqalar o‘z chiqishlarida ana shular haqida so‘z yuritdi.
– Toshkentda o‘tayotgan mazkur anjuman zamonaviy seysmologiyani rivojlantirishda katta ahamiyat kasb etadi, – deydi Yaponiyaning seysmologiya va tabiiy ofatlardan ogohlantirish Milliy instituti professori Chikaxiro Minova. – Bu borada o‘zbek olimlarining erishgan yutuqlari juda muhimdir. Zero, ular taklif etayotgan yangi usullardan foydalanish turli mamlakatlar olimlarining izlanishlarini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi. Men O‘zbekistonga ilk bor tashrif buyurdim, mamlakatingizda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari meni hayratga soldi. Mutaxassis sifatida, mazkur ishlar inshootlarning seysmik mustahkamligi bo‘yicha barcha talablarga mos tarzda bajarilayotganining guvohi bo‘ldim.
– Ko‘plab mamlakatlar zilzilalardan himoyalanishga ehtiyoj sezmoqda, deydi Turin politexnika universiteti (Italiya) professori Sebastyano Foti. – Turli davlatlar olimlarining bu boradagi sa’y-harakatlarini birlashtirish sohadagi ishlar samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. O‘zbekiston ilm-fani yuksak salohiyatga ega. Mamlakatlarimiz o‘rtasida barcha jabhalar, jumladan, ilm-fan va ta’lim sohalarida hamkorlik aloqalari rivojlanib bormoqda. Toshkentda Turin politexnika universitetining ochilishi bunga yorqin misol bo‘la oladi. Bu yerda qator dolzarb yo‘nalishlar, jumladan, murakkab tizimlar fizikasi sohasida ham hamkorlikda tadqiqotlar olib borilmoqda.
O‘zA