Yoshlar bandligi ta’minlanmoqda
26.01.2012 18:27
Yurtimizda yoshlarning zamon talablari darajasida bilim olishi, kasb-hunar o‘rganishi hamda egallagan mutaxassisligi bo‘yicha ishga joylashishi uchun zarur shart-sharoit yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar o‘zining yuksak samaralarini bermoqda.
O‘zbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasi majlisidagi ma’ruzasida kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ishga joylashtirish, bunda har bir bitiruvchining ish joyini oldindan belgilash, kollej o‘quvchilarining amaliyotni bo‘lg‘usi ish joyida o‘tashini tashkil etish muhimligiga e’tibor qaratdi. Bu vazifaning amalga oshirilishi yoshlarning hayotda o‘z o‘rnini topishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Uch tomonlama tuzilgan shartnomalar asosida o‘tgan yili 390 mingdan ortiq bitiruvchi ish bilan ta’minlandi. Bu yil mamlakatimizda 516 ming nafardan ziyod yigit-qiz kollej va litseylarni tamomlaydi. Ularning qayerga ishga joylashishini hozirdanoq aniq belgilab olish, korxonalar bilan ishlab chiqarish amaliyotini o‘tash va undan so‘ng ishga qabul qilish bo‘yicha shartnomalarning o‘z vaqtida tuzilishini ta’minlash dolzarb vazifadir.
Samarqand viloyatida 160 ga yaqin kasb-hunar kolleji faoliyat ko‘rsatayotir. Ularda ta’lim olayotgan yoshlarni tanlagan yo‘nalishining yetuk mutaxassisi etib tayyorlash, bandligini ta’minlash borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Bu haqda Samarqand viloyat o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Murodulla Xolmuhamedov O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zA muxbiriga quyidagilarni gapirib berdi:
– Prezidentimiz tashabbusi va g‘oyasi asosida uzluksiz ta’limning muhim bo‘g‘ini sifatida tashkil etilgan o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi samaradorligini oshirish, tizimdagi muassasalar moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Buning zamirida o‘sib kelayotgan yosh avlodning hech kimdan kam bo‘lmagan sharoitlarda ta’lim-tarbiya olishi, kasb-hunar egallashiga erishishdek ezgu maqsad mujassam. Albatta, ana shunday e’tibor va g‘amxo‘rlikdan bahramand bo‘lib bilim olgan, ma’lum bir mutaxassislikni egallagan yoshlar kelgusida mehnat faoliyatlari orqali bu ishonchni oqlashlari, jamiyatda o‘z munosib o‘rinlarini topishlariga erishish lozim. Bu borada davlatimiz yoshlarni qo‘llab-quvvatlab, ular uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda. Xususan, har yili qabul qilinayotgan aholi bandligini ta’minlashga oid dasturlarda kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari uchun ish o‘rinlari yaratish va ularni ishga joylashtirish eng asosiy yo‘nalishlardan biri sifatida belgilanmoqda.
Masalaga ana shunday yondashuv tufayli o‘tgan yili viloyat hokimligida kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ishga joylashtirish jarayonini muvofiqlashtirish va monitoringini olib borish uchun tegishli boshqarmalar mutaxassislaridan iborat ishchi guruh faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Shu asosda viloyatimizning barcha tuman va shaharlarida bitiruvchilarning bandligini ta’minlash bo‘yicha shtablar tuzilib, kasb-hunar kollejlari kuni belgilandi.
2010-2011 o‘quv yilida 133 kasb-hunar kollejini bitirgan 49,6 mingdan ortiq yigit-qiz o‘quv yili boshidayoq viloyatdagi 10 ming 380 korxona va tashkilotga biriktirildi. Bu joylarda ularning amaliyot o‘tashlari, nazariy bilimlarini mustahkamlashlari uchun zarur sharoit yaratildi. Jumladan, 386 korxona, tashkilot va muassasada o‘quv-amaliyot xonalari tashkil etilib, jihozlandi. Har bir o‘quvchi o‘z mutaxassisligiga mos maxsus ish kiyimlari bilan ta’minlandi va ularga korxona mutaxassis-ishchilari biriktirilib, “Ustoz-shogird” tizimi asosida ish olib borildi.
O‘quv yili davomida bitiruvchilarning 45,5 ming nafardan ortig‘ini egallagan mutaxassisligi hamda turdosh kasblar bo‘yicha ishga joylashtirish yuzasidan kollej-korxona-bitiruvchi o‘rtasida uch tomonlama shartnomalar tuzilib, ularning bandligini ta’minlashga erishildi.
Prezidentimizning 2010 yil 28 iyulda qabul qilingan “Ta’lim muassasalarining bitiruvchilarini tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga asosan 4351 nafar bitiruvchi ikki mingdan ortiq korxona va tashkilotga ishga qabul qilindi.
Shuningdek, bir qator tashkilotlar bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan “Diplom bilan biznesga” loyihasi doirasida hududlarda o‘z biznesini tashkil qilmoqchi bo‘lgan bitiruvchilar uchun o‘quv kurslari, “Yosh tadbirkor –yurtga madadkor” mavzuida seminarlar o‘tkazildi. Ko‘pchilik bitiruvchilarga banklar tomonidan imtiyozli kreditlar ajratildi.
Kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari ishga joylashganlaridan keyin ham ularning belgilangan tashkilotlarda qanday faoliyat ko‘rsatayotgani o‘rganib borilmoqda. Bu borada bandlikka ko‘maklashish markazlari bilan hamkorlikda har bir bitiruvchining ish bilan bandligini tasdiqlovchi yig‘ma jildlar tashkil etildi. Ularda korxona va xodim o‘rtasidagi mehnat shartnomasi, buyruq, mehnat daftarchasi, tegishli dalolatnoma va boshqa hujjatlar jamlanmoqda.
Ta’kidlash lozimki, bitiruvchilarni ishga joylashtirishda mehnat bozoridagi vaziyat, mavjud ehtiyojni hisobga olish muhim ahamiyat kasb etadi. Shuning uchun joriy o‘quv yili arafasida viloyatdagi sakkiz kasb-hunar kolleji qayta ixtisoslashtirildi, 13 kasb-hunar kollejida 14 yo‘nalish bo‘yicha qabul to‘xtatildi. 120 kollejda 294 yangi yo‘nalish bo‘yicha o‘qitish yo‘lga qo‘yildi.
2011-2012 o‘quv yilida viloyat bo‘yicha 154 kasb-hunar kollejini 61 mingga yaqin yoshlar bitiradi. Ayni paytda viloyatdagi 13,6 mingdan ziyod korxona, tashkilot va muassasalarda ularning ishlab chiqarish amaliyotini o‘tashi va kelgusida shu yerning o‘zida ishga joylashishi uchun barcha imkoniyatlardan samarali foydalanilmoqda. Kollej, ish beruvchi va bitiruvchi o‘rtasida uch tomonlama shartnomalar tuzilayotir.
Bundan tashqari, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagini bildirgan 1120 nafar bitiruvchiga tijorat banklari tomonidan 2,1 milliard so‘m imtiyozli kreditlar ajratiladi.
Ko‘rilayotgan bunday chora-tadbirlar ertangi kunimizning egalari bo‘lgan yoshlarning mustaqil hayotga o‘z kuch va imkoniyatlariga tayanib, yuksak orzu-maqsadlar va ishonch bilan qadam qo‘yishlari, jamiyat hayotida faol ishtirok etishlariga xizmat qiladi.
O‘zA