«Jaxon» AA, Bryussel - Mamlakatimizning Belgiyadagi elchixonasida O’zbekistonda bolalar mehnatidan foydalanilishini ta'qiqlash chora-tadbirlariga bag’ishlangan brifing bo’lib o’tdi. Unda Belgiyaning siyosiy va ijtimoiy doiralari hamda Yevropa Ittifoqi, NATO va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Ishtirokchilarga mamlakatda bolalar huquqlarini ta'minlash va himoya qilish bo’yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, bolalar mehnatini ta'qiqlovchi qonunchilik hujjatlari, O’zbekistonning BMT va uning tuzilmalari, Xalqaro Mehnat Tashkiloti (XMT) kabi xalqaro hamjamiyatlar bilan yaqin hamkorligi haqida ma'lumot berildi. O’zbekiston XMTning bolalar mehnati, bolalar majburiy mehnatining istalgan shakli va ko’rinishlarini ta'qiqlashni ta'minlovchi asosiy konvensiyalarni ratifikatsiya qilgani aytib o’tildi.
Xususan, bu borada vazirlik va idoralar hamda joylardagi davlat hokimiyati organlari faoliyatini muvofiqlashtirish, ularning xalqaro tashkilotlar bilan o’zaro aloqasini faollashtirish maqsadida, O’zbekistonda YUNISEF, BMT Taraqqiyot Dasturi, XMT tomonidan qo’llab-quvatlangan, nafaqat davlat organlari balki, nodavlat tashkilotlarlarining keng ishtirokida Milliy harakat dasturi ishlab chiqilgan.
O’zbekistonda o’tkazilayotgan ijtimoiy yo’naltirilgan bozor islohotlari, “Sog’lom avlod”, “Ona va bola”, “Oila yili”, “Sihat-salomatlik yili”, “Ijtimoiy himoya yili”, “Yoshlar yili”, “Barkamol avlod yili” kabi keng ko’lamli davlat ijtimoiy dasturlarining amalga oshirilishi doirasida bolalarning ijtimoiy va iqtisodiy huquqlarini himoya qilish ularning har tomonlama barkamol bo’lib voyaga yetishlarini ta'minlash uchun zarur bo’lgan shart-sharoitlar yaratilgani ta'kidlandi.
Mamlakatda bolalar huquqlarini himoya qilish, xususan, Oilani, Onalik va bolalikni himoya qilish majmui, Voyaga yetmaganlar ishlari bo’yicha maxsus komissiya, shuningdek, O’zbekistonning har bir tumanida faoliyat olib boruvchi davlatga qarashli mehnat huquqi inspeksiyalari va mehnat himoyasi inspeksiyalari singari bolalar huquqlarini himoya qilishga xizmat qiluvchi tizim yaratilgan. Bolalar hamda nogironlarning huquqiy kafolatini ta'minlashni kuchaytirishga yo’naltirilgan, odam savdosidan ogohlantirish va unga barham berish milliy tizimini shakllantirish, odam savdosidan zarar ko’rganlarga har tomonlama yordam ko’rsatish kabi bevosita inson huquqlari va erkinliklariga tegishli 10 dan ortiq qonunlar qabul qilingani aytib o’tildi.
Ushbu yo’nalishda o’tkazilgan tadbirlar va unda namoyish etilgan ma'lumotlar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg’otdi.
Xususan, mustaqil jurnalist N.Sokolnikov ushbu tadbir O’zbekistonda kechayotgan jarayonlarni teranroq anglashda amaliy ahamiyatga kasb etishini qayd etdi. Uning ta'kidlashicha, ma'ruzalarda keltirilgan raqamlarning o’zi ham O’zbekistonda o’sib kelayotgan avlodning ta'limi va tarbiyasiga berilayotgan yuksak e'tibordan dalolat beradi. Jurnalistning fikricha, bunday siyosat nafaqat davlatning rivojlangan kelajagiga, balki uning kelgusi taraqqiyoti demokratiya xususiyatlariga xos bo’lishiga ham ishonch uyg’otadi.
Ozod Bryussel universiteti professori J.Blankoff “Jahon” axborot agentligiga bergan intervyusida O’zbekistonda barkamol avlod rivoji uchun barcha shart-sharoitlar yaratilganligini ta'kidladi.
U O’zbekiston rahbarining, yoshlar - nafaqat kelajagimiz, balki bugunimiz hamdir, degan fikriga to’la qo’shilishini aytdi. “Mamlakat aholisining katta qismini yoshlar tashkil etishini hisobga olib, ular haqida alohida g’amxo’rlik ko’rsatish kerak, - dedi J.Blankoff. - Shuningdek, O’zbekistonda o’sib kelayotgan avlodga qaratilayotgan yuksak e'tibor nafaqat Osiyo, balki Yevropa uchun ham namuna bo’lmog’i lozim”.