Yoshlarga – oila haqida
25.01.2012 15:01
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tashabbusi bilan Bo‘stonliq tumanidagi G‘azalkent kasb-hunar kollejida “Mustahkam oila – jamiyat poydevori” mavzuida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Adliya vazirligi huquqiy targ‘ibot guruhi a’zolari, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmasi xodimlari hamda o‘quvchi-yoshlar ishtirok etdi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan joriy yilning mamlakatimizda Mustahkam oila yili, deb e’lon qilinishi zamirida har tomonlama sog‘lom oilalarni shakllantirish, oilalarda yuksak ma’naviy-axloqiy muhitni qaror toptirish, yosh yigit-qizlarni oilaga tayyorlash, oila manfaatlarini himoyalash, sog‘lom farzand o‘stirish, tarbiyalash va voyaga yetkazish uchun zarur sharoitlarni yaratish kabi ezgu maqsadlar mujassam.
Davra suhbatida Yurtboshimizning 2011-yilning asosiy yakunlari va 2012-yilda O‘zbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasi majlisidagi ma’ruzasini o‘rganishga alohida e’tibor qaratildi. Ma’ruzada qayd etilganidek, 2011-yilda xalqimizning fidokorona mehnati bilan ulkan yutuqlar qo‘lga kiritildi. Joriy Mustahkam oila yilida ham mamlakatimiz iqtisodiyotini yanada yuksaltirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, fermerlik sohalari uchun keng imkoniyat va imtiyozlar yaratib berish ko‘zda tutilayotir. Tadbirda yosh oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, xonadonlarimiz charog‘boni bo‘lgan ayollarimizning og‘irini yengil qilish, mahalla tizimining bu boradagi rolini kuchaytirish, oila farovonligini yanada oshirish kabi keng ko‘lamli ishlarda yoshlarning ishtirokini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuvda o‘quvchi-yoshlarga keyingi vaqtda qabul qilingan va o‘zgartirishlar kiritilgan O‘zbekiston Respublikasining qonunlari, mamlakatimiz sud-huquq, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyati haqida atroflicha ma’lumotlar berildi.
Tadbir davomida ishtirokchilar o‘rtasida huquqiy bilimdonlik tanlovi o‘tkazildi.
O‘zA